Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Associated Press (AP) agentligining xabariga ko‘ra, Eron hukumati AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Tehronga qo‘yilgan ultimatum muddati tugashi arafasida barcha “yoshlarni, sportchilarni, san’atkorlarni, talabalarni va ularning ustozlarini” elektr stansiyalari atrofida “jonli zanjir” hosil qilishga chaqirdi. Hukumatning yoshlar va o‘smirlar ishlari bo‘yicha oliy kengashi kotibi Alirizo Rahimiy bayonotida: “Siyosiy qarashlari yoki dididan qat’i nazar, milliy boyligimiz va sarmoyamiz bo‘lgan elektr stansiyalari Eronning kelajagiga va eronlik yoshlarga tegishlidir”, deb ta’kidladi.

AP nashrining qayd etishicha, Eron ilgari ham G‘arb bilan munosabatlar keskinlashgan davrlarda o‘zining yadroviy obyektlari atrofida “jonli zanjirlar” tashkil qilgan. Shuningdek, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) ham ota-onalarni o‘z farzandlarini AQSh va Isroil tomonidan bir necha bor aviazarbalarga uchragan nazorat-o‘tkazish punktlarini qo‘riqlashga yuborishga chaqirdi. Bu choralar AQSh rejimining tahdidlariga qarshi mamlakat mudofaasini mustahkamlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Tramp tomonidan Eronga Hurmuz bo‘g‘ozini ochish va AQSh bilan kelishuv tuzish uchun berilgan navbatdagi muhlat AQSh sharqiy vaqti bilan seshanba kuni soat 20:00 da (Toshkent vaqti bilan chorshanba kuni soat 05:00 da) tugaydi. AQSh prezidenti 5-aprel kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida: “Seshanba Eronda bir vaqtning o‘zida ham elektr stansiyalari kuni, ham ko‘priklar kuni bo‘ladi. Bunaqasi hali hech qachon bo‘lmagan!!! La’nati bo‘g‘ozni ochinglar, aqldan ozgan haromilar, aks holda, do‘zaxda yashaysizlar. Hali ko‘rasizlar!”, deb yozgan edi.

Dushanba kuni Oq uydagi matbuot anjumanida chiqish qilgan Tramp Tehronga so‘nggi ultimatumini berganini yana bir bor ta’kidladi. U: “Biz ularga ertaga sharqiy vaqt bilan soat 20:00 gacha muhlat beryapmiz. Shundan keyin ularda ko‘priklar qolmaydi. Ularda elektr stansiyalari bo‘lmaydi. Tosh davri… Men soat 00:00 ga qarata to‘liq vayron qilishni nazarda tutyapman”, dedi. Jurnalistlarning Eron ko‘priklari va elektr stansiyalarini vayron qilish bilan bog‘liq tahdidlari harbiy jinoyat deb hisoblanishi mumkinligi haqidagi xavotirlariga javoban Tramp: “Bu meni tashvishga solmaydi. Umid qilamanki, buni qilishimga to‘g‘ri kelmaydi… Biz Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz”, deb javob berdi.

7-aprel kuni Tramp Truth Social tarmog‘ida yana bir post qoldirdi va unda “bugun tunda butun bir sivilizatsiya yo‘q bo‘ladi” deb bayonot berdi (katta ehtimol bilan Eronni nazarda tutgan). U: “Bugun tunda butun bir sivilizatsiya yo‘q bo‘ladi va u endi hech qachon qayta tiklanmaydi. Bu sodir bo‘lishini istamayman, lekin, ehtimol, shunday bo‘ladi”, deb yozdi. AQSh prezidenti bugun kechgacha Erondagi “aqlliroq va unchalik radikal bo‘lmagan aql sohiblari” Vashington bilan kelishib olishiga umid bildirdi va “47 yillik tovlamachilik, korrupsiya va o‘lim, nihoyat, tugaydi. Xudo buyuk Eron xalqini o‘z panohida asrasin!”, deya qo‘shimcha qildi.

Axios bir necha kun avval AQSh va Eron bir guruh mintaqaviy vositachilar bilan birgalikda 45 kunlik ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini muhokama qilayotgani haqida xabar bergandi. Muzokaralar Pokiston, Misr va Turkiyadan kelgan vositachilar orqali olib borilmoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Tehronga bir nechta takliflarni taqdim etgan. Axios manbalariga ko‘ra, muhokama qilinayotgan kelishuv ikki bosqichni nazarda tutadi: birinchi bosqich 45 kunlik ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatishni o‘z ichiga olib, bu vaqt davomida urushni yakuniy to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish rejalashtirilgan; ikkinchi bosqich esa urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi yakuniy bitim bo‘ladi.

Eronning IRNA davlat axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron dushanba kuni Vashingtonning taklifini rad etdi va urushni to‘liq hamda uzil-kesil to‘xtatish tarafdori ekanini ta’kidladi. IRNA xabariga ko‘ra, Eron bunga javoban tinchlik shartnomasini tuzish uchun Pokiston orqali o‘z shartlaridan iborat 10 bandlik rejani taqdim etgan. Ushbu shartlar orasida mintaqada harbiy harakatlarni, jumladan, Isroilning Livandagi hujumlarini to‘liq to‘xtatish, Hurmuz bo‘g‘ozida xavfsiz kema qatnovi protokollarini o‘rnatish, sanksiyalarni to‘liq bekor qilish va mamlakatni urushdan keyin tiklash uchun tovon puli to‘lanishi kabi bandlar bor.

Source: www.gazeta.uz