Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga mo‘ljallangan 90 milliard yevrolik kredit dasturi doirasida moliyaviy yordam shartlarini qattiqlashtirish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi. Yangilangan sxema bo‘yicha birinchi tranj may oyida ajratilishi kutilmoqda.

Yevropa Komissiyasida muhokama qilinayotgan reja, to‘lovlarning bir qismini qo‘shimcha soliq talablariga bog‘lashni nazarda tutadi. Gap 2026-yilda Kiyev olishi kutilayotgan 8,4 milliard yevrolik makromoliyaviy yordam haqida ketmoqda. Xususan, YI soddalashtirilgan soliq tizimida ishlaydigan kompaniyalar uchun yillik daromad 4 million grivnadan oshganda QQSni 20% stavkada to‘lash majburiyatini joriy qilishni ko‘rib chiqmoqda.

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenning ma’lum qilishicha, joriy chorakda Ukraina dastlabki 6 milliard yevroni olishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lar uchuvchisiz texnologiyalar xaridiga va byudjet xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.

Muhokama qilinayotgan dastur shartlariga ko‘ra, 2026-yilda Kiyev umumiy paketdan 45 milliard yevrogacha olishi mumkin. Keyingi to‘lovlar hajmi va muddatlari Ukrainaning kelishilgan shartlarni bajarishi va o‘z moliyaviy strategiyasini taqdim etishiga bog‘liq bo‘ladi.

Ukrainaga 90 milliard yevrolik kredit Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan 22 aprelda ma’qullangan va keyin Yevropa Kengashi tomonidan tasdiqlangan edi.

Source: kun.uz