Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Fox Business xabariga ko‘ra, AQSh davlat qarzi birinchi marta Ikkinchi jahon urushidan beri mamlakat yalpi ichki mahsulotidan (YaIM) oshib ketdi. Bu haqda Iqtisodiy tahlil byurosi ma’lumotlariga tayanib xabar berilgan.

31 mart holatiga ko‘ra, davlat qarzi 31,27 trillion dollarni tashkil etgan bo‘lsa, so‘nggi 12 oydagi nominal YaIM 31,22 trillion dollarga baholanmoqda. Shunday qilib, qarz YaIMning 100 foizidan oshib ketdi.

Ushbu ko‘rsatkichlar AQShni 1946 yilda qayd etilgan tarixiy rekord – qarzning YaIMga nisbati 106 foizga yaqinlashtirmoqda. Kongress byudjet boshqarmasi (CBO) prognoziga ko‘ra, 2030 yilga kelib bu ko‘rsatkich 108 foizga, keyingi o‘n yillikda esa 120 foizga yetishi mumkin.

CBO mutaxassislarining ta’kidlashicha, davlat qarzi iqtisodiyotdan tezroq o‘sishi kutilmoqda, bu esa iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi, investitsiyalarni kamaytirishi va qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini oshirishi mumkin.

Federal byudjet uchun mas’ul qo‘mita (CRFB) rahbari Mayya MakGinnesning so‘zlariga ko‘ra, qarzning hozirgi o‘sishi Ikkinchi jahon urushidan keyingi kabi keng ko‘lamli global mojaro bilan bog‘liq emas, balki siyosatchilarning murakkab qarorlar qabul qilishdan bosh tortishi bilan izohlanadi.

Uning fikricha, qarzning keyingi o‘sishi foiz stavkalarining oshishiga, inflyatsion bosimning kuchayishiga va hatto moliyaviy inqirozga olib kelishi mumkin. MakGinnes hukumatni byudjet taqchilligini taxminan 10 trillion dollarga qisqartirishga va uni YaIMning 3 foizi atrofida barqarorlashtirishga chaqirdi.

Source: kun.uz