Germaniyaning yetakchi aviakompaniyasi Lufthansa juma kuni rossiyalik rejissyor Pavel Talankinga tegishli Oskar haykalchasi topilganini e’lon qildi. Haykalcha Nyu-Yorkdan Frankfurtga parvozda yo‘qolgan edi.
Talankin “Mr. Nobody Against Putin” hujjatli filmi bilan eng yaxshi hujjatli film nominatsiyasida g‘olib chiqqan. U Oskarni Nyu-Yorkdan olib ketayotganda, AQSh aeroport xavfsizlik xizmati (TSA) haykalchani qo‘l yukida olib kirishga ruxsat bermagan va uni ro‘yxatdan o‘tgan yukga topshirishga majbur qilgan.
Frankfurtga yetib kelganda, haykalcha solingan quti topilmagan. Lufthansa dastlab “chuqur ehtiyotkorlik va shoshilinchlik bilan” ichki qidiruv boshlaganini ma’lum qilgan. Bir necha soatdan so‘ng esa haykalcha Frankfurtda ekanligi va tez orada Talankinga qaytarilishi aytilgan.
Aviakompaniya hodisa sabablari bo‘yicha ichki tergov o‘tkazilayotganini bildirgan. “Yuzaga kelgan noqulaylik uchun chin dildan afsusdamiz va egasidan uzr so‘raymiz”, deyilgan Lufthansa bayonotida.
Talankin Deadline nashriga bergan intervyusida Oskarni qurol deb hisoblashni “mutlaqo tushunarsiz” deb atagan. U avval boshqa aviakompaniyalarda haykalchani salonga olib kirganini va hech qanday muammo bo‘lmaganini ta’kidlagan.
35 yoshli videografning hujjatli filmi Chelyabinsk viloyatidagi maktabda o‘quvchilarning urush targ‘ibotiga qanday duchor bo‘layotganini ko‘rsatadi. U 2024-yilda Rossiyadan qochib ketgan.
Source: www.dw.com