Eron harbiylari AQSh harbiy-dengiz kuchlarini Hormuz bo‘g‘oziga yaqinlashmaslik haqida ogohlantirdi. Eron Birlashgan qo‘mondonlik shtabi rahbari Ali Abdullohiyning dushanba kungi bayonotiga ko‘ra, agar AQSh harbiy kuchlari bo‘g‘ozga kirishga urinsa, ularga hujum qilinadi.
Abdullohiy, shuningdek, tijorat kemalari va neft tankerlariga Eron bilan kelishmasdan harakat qilmaslikni tavsiya qildi. “Biz ogohlantiramiz: har qanday xorijiy qurolli kuchlar, ayniqsa tajovuzkor AQSh armiyasi, Hormuz bo‘g‘oziga yaqinlashish va kirishga uringan taqdirda hujumga uchraydi”, deyiladi bayonotda.
AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni “Project Freedom” nomli kampaniyani boshlaganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kampaniya kemalari bo‘g‘ozda qolib ketgan davlatlarning iltimosiga binoan amalga oshirilmoqda. Tramp Truth Social’dagi postida “Biz bu kemalarni cheklangan suv yo‘llaridan xavfsiz olib chiqishni va’da qildik”, deb yozdi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) operatsiyani 15 000 harbiy xizmatchi, 100 dan ortiq quruqlik va dengiz aviatsiyasi, harbiy kemalar va dronlar bilan qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. CENTCOM qo‘mondoni admiral Bred Kuperning so‘zlariga ko‘ra, “bu mudofaa missiyasi mintaqaviy xavfsizlik va global iqtisodiyot uchun muhim”.
Al Jazeera’ning Tehron muxbiri Resul Serdar Atasning ta’kidlashicha, AQShning Hormuz bo‘g‘oziga aralashuvi 7 apreldan kuchga kirgan sulhni buzish sifatida qabul qilinadi. “Eronliklar juda aniq: ular harbiy javob qaytarishlarini aytishmoqda. Bu sulhning tugashiga olib keladi”, dedi u.
Eron ikki oydan ortiq vaqt davomida Fors ko‘rfazidagi deyarli barcha kemalarni blokada qilib, global energiya narxlarini oshirgan. AQShda benzin narxi gallon uchun o‘rtacha 4,44 dollarga ko‘tarilgan. Sobiq AQSh harbiy ofitseri Xarlan Ullmanning fikricha, Trampning rejasi xavfli keskinlashuvga olib kelishi mumkin: “Eronning ko‘plab dronlari va kichik kemalari bu vaziyatni juda qiyinlashtirishi mumkin”.
Source: www.aljazeera.com