Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning 9-may kuni Nyu-Yorkdagi Bruklin tumanidagi Oceana teatrida bo‘lishi rejalashtirilgan konserti bekor qilindi. Bu haqda 4-may kuni teatr ma’lumot berdi.

Bekor qilishga mahalliy siyosatchilar va sionistik jamoatchilik tomonidan uyushtirilgan norozilik kampaniyasi sabab bo‘ldi. Usmonova Isroil harakatlarini keskin tanqid qilgani va Falastinni qo‘llab-quvvatlagani uchun antisemitizmda ayblanmoqda.

4-may kuni Nassau okrugi raisi (Nyu-York gubernatorligiga nomzod) Bryus Blekmn, mahalliy deputatlar Maykl Novaxov va Aleyk Bruk-Krasni, shuningdek, Birlashgan sionistlar faollari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Ular konsertning fashistlar Germaniyasi ustidan g‘alaba kuni — 9-mayda o‘tkazilishiga qarshi chiqdi.

Blekmn Davlat kotibi Marko Rubioga rasmiy maktub yo‘llab, Usmonovaning kirish vizasini bekor qilishni talab qildi.

Xonandaning o‘zi 5-may kuni Instagram’da barcha chiptalar sotilganini aytib, muxlislariga minnatdorchilik bildirdi. Bekor qilishni sharhlar ekan, u o‘z prinsipialligini ta’kidladi: «Yahudiylar yig‘ildi, siyosatchilar aralashdi — bu biz uchun ortiqcha hurmat. Qarshilik qilsinlar... Ammo, sionist yahudiylar, men kechirim so‘rayman deb o‘ylasangiz, qattiq xato qilasiz. Men o‘z qadriyatlarimga qat’iy ishonaman. Birinchidan, men zo‘ravonlikka qarshiman. Ikkinchidan — Falastin ozod bo‘lishi kerak, bu ularning yeri».

Usmonova AQSh Isroil emas va sionistlarga tegishli emasligini, odamlar uchun kuylashda davom etishini aytdi. «Adolat, in shaa Alloh, albatta g‘alaba qozonadi», — dedi xonanda.

Yulduz Usmonova Isroilning Falastinga nisbatan harakatlarini faol tanqid qiladi. 2023-yil oktabrda u Isroil mahsulotlariga boykot e’lon qilgan edi.

Source: kun.uz