Fransuz sudi sobiq prezident Nikola Sarkozining 2012 yilgi saylovoldi kampaniyasi xarajatlarini oshirib ko'rsatish ishi bo'yicha muddatidan oldin shartli ozod etilish haqidagi iltimosini qondirdi. Bu haqda Deutsche Welle manbalarga tayanib xabar berdi.
71 yoshli siyosatchi yoshiga ko'ra jazoni yumshatishni so'ragan. Sud qarori 7 may kuni kuchga kiradi.
Gap Sarkozining kampaniyasini ta'minlagan Bygmalion PR-agentligi ishi haqida ketmoqda. Sud siyosatchining partiyasi agentlikdan rasmiy xarajatlar sifatida hisobga olinmagan 18 million yevrodan ortiq mablag' olganini aniqladi. Dastlab Sarkozi bir yil qamoq jazosiga hukm qilingan, keyin muddat olti oyga qisqartirilib, elektron bilaguzuk bilan almashtirilgan. Endi siyosatchi bilaguzuk taqmaydi.
Nikola Sarkozi 2007 yildan 2012 yilgacha Fransiya prezidenti lavozimida ishlagan. U haqiqiy qamoq jazosini olgan birinchi sobiq davlat rahbari bo'ldi.
Bundan tashqari, 2021 yil mart oyida siyosatchi korruptsiya va Kassatsiya sudi xodimiga pora berishda aybdor deb topilgan. O'shanda Sarkozi bir yil qamoq va yana ikki yil shartli jazo olgan, ammo haqiqiy muddat qisman uy qamog'i va elektron bilaguzuk bilan almashtirilgan.
2025 yil sentyabr oyida Sarkozi 2005-2007 yillarda Liviyaning Muammar Qaddafiy hukumati tomonidan uning kampaniyasini moliyalashtirish ishi bo'yicha jinoiy til biriktirishda aybdor deb topildi. Sud unga besh yil qamoq jazosini tayinladi, ammo ijrosi kechiktirildi. 2025 yil oktyabr oyida sobiq prezident 20 kun qamoqda o'tirgan, keyin sud nazorati ostida ozod qilingan. Hozirda sud ushbu ish bo'yicha apellyatsiyani ko'rib chiqmoqda.
Source: kun.uz