Indoneziya hukumati Halmahera orolidagi Dukono vulqoni otilishi natijasida bedarak yo‘qolgan 20 sayyohni qidirish ishlarini davom ettirmoqda. Vulqon otilishi oqibatida uch kishi, jumladan ikki xorijlik halok bo‘ldi.
Dukono vulqoni juma kuni mahalliy vaqt bilan 07:41 da otilib, 10 km balandlikka kul ustuni chiqardi. Indoneziya Vulkanologiya va Geologik Xavflarni Yumshatish Markazi ma’lumotiga ko‘ra, otilish “kuchsizdan kuchligacha bo‘lgan gumburlash tovushlari” bilan kechgan.
Mahalliy qutqaruv agentligi rahbari Iwan Ramdani Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, qidiruv ishlariga politsiya xodimlari jalb etilgan. Ramdanining so‘zlariga ko‘ra, bedarak yo‘qolgan 20 sayyohdan to‘qqiz nafari Singapur fuqarolari.
Shimoliy Halmahera politsiya boshlig‘i Erlichson Pasaribu Kompas TV telekanaliga bergan bayonotida, halok bo‘lganlarning ikki nafari xorijlik ekanligini tasdiqladi. Hudud 17 apreldan beri sayyohlar uchun yopiq edi, chunki olimlar vulqon faolligi oshganini kuzatgan.
Hokimiyat aholi va sayyohlarga Malupang Warirang krateridan 4 km masofada qolishni buyurgan. Kulning shimolga tarqalishi sababli Tobelo shahri aholisiga “vulqon kul yomg‘iri” dan ehtiyot bo‘lish haqida ogohlantirish berilgan. Shuningdek, otilib chiqadigan toshlar va lava oqimlari xavfi haqida ham ogohlantirilgan. Dukono vulqoni mart oyidan beri 200 ga yaqin marta otilgan.
Source: www.aljazeera.com