Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Filippindagi Sebu orolida bo‘lib o‘tayotgan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari (ASEAN) sammitida asosiy e’tibor Eron bilan urushning iqtisodiy oqibatlariga qaratilgan. AQSh va Isroil rejimining Eronga qarshi urushi natijasida energiya bozorlari va global neft ta’minoti jiddiy izdan chiqqan.

ASEAN davlatlari Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft va suyultirilgan gaz importiga qaram bo‘lib, bu yo‘l bir necha hafta davomida Eron va AQSh rejimi tomonidan blokadaga olingan. Natijada yoqilg‘i va elektr energiyasi narxlari keskin oshgan, o‘g‘itlar qimmatlashgani oziq-ovqat narxlariga ta’sir ko‘rsatgan. Samolyot yoqilg‘isi narxining oshishi esa mintaqadagi turizm talabini pasaytirgan.

Filippin prezidenti Ferdinand Markos Jr. o‘z nutqida ASEANning birlik va moslashuvchanlikni namoyish etishi kerakligini ta’kidladi: “Biz mintaqaviy energetik xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashimiz kerak. Yuqori o‘zgaruvchanlik davrida ASEAN muvofiqlashtirishni kuchaytirishi va tayyorgarlikni mustahkamlashi, barqaror energiya ta’minotini himoya qilish uchun amaliy choralar ko‘rishi lozim.”

Filippin urush boshlanganidan keyin birinchilardan bo‘lib energetik favqulodda holat e’lon qilgan va ASEAN miqyosida neft almashish shartnomasini ilgari surmoqda. Loyiha deklaratsiyasida mintaqaviy elektr tarmog‘ini yaratish, xom neft manbalarini diversifikatsiya qilish, elektromobillar va qayta tiklanuvchi energiya, jumladan, tinch atom energiyasidan foydalanishni ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.

Sammit arafasida ASEAN iqtisodiy vazirlari oziq-ovqat va energiya xavfsizligini kafolatlash bo‘yicha “amaliy, aniq chora-tadbirlar”ni belgilagan, ammo tafsilotlar oshkor etilmagan. Shuningdek, rahbarlar Yaqin Sharqdan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilish masalasini ham muhokama qilmoqda, chunki mintaqada 1 milliondan ortiq janubi-sharqiy osiyolik mehnat qiladi.

Asosiy mavzudan tashqari, ASEAN rahbarlari Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy nizolar, Myanmadagi besh yillik fuqarolar urushi va Tailand-Kambodja chegaraviy mojarosini ham ko‘rib chiqmoqda. Xitoy bilan o‘n yildan ortiq davom etgan tajovuz qilmaslik to‘g‘risidagi pakt muzokaralari ham davom etmoqda.

Tailand va Kambodja o‘rtasidagi mojaroda ikki davlat rahbarlari Markos Jr. chaqirig‘idan so‘ng mo‘rt sulhni mustahkamlash uchun muzokaralarni qayta boshlashga kelishgan. ASEAN tashqi ishlar vazirlari Myanma bilan virtual uchrashuv o‘tkazishga rozi bo‘lgan, biroq 2021 yilgi davlat to‘ntarishidan keyin Myanma rahbariyati sammitlardan chetlashtirilgan. Bu masala ASEAN ichida kelishmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda: Tailand kabi ba’zi a’zolar yangi hukumat bilan aloqalarni tiklashni xohlasa, Singapur, Filippin va Malayziya demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatni ag‘darishni qattiq qoralashni talab qilmoqda.

Source: www.dw.com