Shimoliy Koreya Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, agar mamlakat rahbari Kim Chen In hayotdan ko‘z yumsa, armiya avtomatik ravishda yadroviy zarba berishi shart. Bu haqda The Telegraph nashri Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati brifingiga tayanib xabar berdi.
Qayta ko‘rib chiqilgan Konstitutsiyada Kim Chen In Davlat kengashi raisi sifatida ko‘rsatilgan va davlatning bevosita rahbari etib belgilangan. Davlat kengashi raisi KXDR yadroviy kuchlariga qo‘mondonlik qiladi. Qonunda Kim Chen Inning yadroviy kuchlarning yagona qo‘mondoni sifatidagi maqomi alohida ta’kidlangan.
The Telegraph’ning yozishicha, agar dushman hujumi tufayli yadroviy kuchlarni boshqarish tizimi xavf ostida qolsa, “yadroviy zarba avtomatik va zudlik bilan beriladi”.
Janubiy Koreya hisob-kitoblariga ko‘ra, KXDR taxminan 60 ta yadroviy kallak va 2 tonnaga yaqin yuqori boyitilgan uranga ega.
Tuzatishlar 22 mart kuni Pxenyanda bo‘lib o‘tgan 15-chaqiriq Oliy xalq majlisining birinchi sessiyasida qabul qilindi. The Telegraph’ning yozishicha, o‘zgartirishlar AQSh va Isroilning Eronga qarshi birgalikdagi zarbalari natijasida Oliy rahbar Ali Xomeneiy va uning atrofidagi bir qancha shaxslar halok bo‘lganidan keyin yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.
Source: kun.uz