The Wall Street Journal (WSJ) nashri o‘z manbalariga tayanib, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Eron hududidagi nishonlarga, jumladan Fors ko‘rfazidagi Lavon orolidagi neftni qayta ishlash zavodiga yashirin zarbalar berganini xabar qildi.
Manbalarga ko‘ra, ilgari Eron hujumlaridan jiddiy zarar ko‘rgan BAA o‘z harbiy-havo kuchlarini Eron ob’ektlariga qarshi qo‘llay boshlagan. Mamlakat zamonaviy qurolli kuchlar, jumladan, fransuz Mirage va amerikalik F-16 qiruvchi samolyotlariga ega.
Bu, ta’kidlanishicha, Abu-Dabiga o‘z iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va mintaqadagi ta’sirini kuchaytirish uchun faolroq harakat qilish imkonini beradi.
Isroil va AQSh kuchlari tomonidan Eron havo hujumidan mudofaa tizimining katta qismi yo‘q qilinganidan so‘ng, BAA aviatsiyasi uchun xavflar sezilarli darajada kamaydi.
WSJ manbalariga ko‘ra, rasman tasdiqlanmagan operatsiyalar orasida 8 aprel kuni Fors ko‘rfazidagi Lavon orolidagi neftni qayta ishlash zavodiga berilgan zarba ham bor. Hujum natijasida katta yong‘in kelib chiqqan va korxona quvvatlarining bir qismi bir necha oyga ishdan chiqqan.
Nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, AQSh norasmiy ravishda BAAning bunday harakatlariga qarshi chiqmagan va Fors ko‘rfazidagi boshqa davlatlarning ham shunday qadamlarini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
O‘z navbatida, BAA Tashqi ishlar vazirligi bunday operatsiyalarni sharhlashdan bosh tortgan, faqat ilgari e’lon qilingan dushmanlik harakatlariga javob berish, jumladan harbiy choralar ko‘rish huquqini eslatgan.
Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, joriy mojaro davomida aynan BAA Eron hujumlarining asosiy nishonlaridan biriga aylangan: uning hududiga 2800 dan ortiq raketa va dronlar otilgan – bu mintaqadagi boshqa davlatlar, jumladan Isroilnikidan ham ko‘p.
Source: kun.uz