Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Germaniya kansleri Fridrix Merts mamlakat iqtisodiyotini jonlantirish uchun keskin choralar zarurligini ma’lum qildi. U Berlin kasaba uyushmalari konferensiyasida so‘zga chiqib, Germaniya kamida yetti yildan beri iqtisodiy turg‘unlikda ekanini, boshqa davlatlar esa o‘sishda davom etayotganini ta’kidladi.

Mertsning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi bosim “o‘nlab yillar davomida siyosat, jamiyat va biznes uchun bunchalik katta bo‘lmagan”. U global silkinishlar va uzoq muddatli tarkibiy muammolarni, jumladan, Eron urushi tufayli energiya, ishlab chiqarish va yashash narxlarining oshishini qayd etdi.

Kansler islohotlar “o‘n yil davomida” samarali bo‘lishi uchun sog‘liqni saqlash, pensiya va soliq tizimlarini o‘zgartirishga chaqirdi. U har yili 100 mingdan ortiq sanoat ish o‘rni yo‘qotilayotganidan ogohlantirib, “hamma nimadandir voz kechishi kerak” dedi.

Kasaba uyushmalari rahbarlari Mertsning “yukni bo‘lishish” chaqirig‘ini sovuq qarshi oldi. DGB rahbari Yasmin Faximi hukumat pensiya komissiyasiga o‘z vakillarini kiritmagani uchun norozilik bildirdi. Yig‘inda “Boylarga soliq soling!” degan hayqiriqlar va hushtaklar yangradi.

Shu bilan birga, Germaniyada inflyatsiya aprel oyida 2,9% gacha ko‘tarildi. Bunga asosiy sabab – energiya narxlarining yillik hisobda 10,1% ga oshishi. Yoqilg‘i narxi 26,2%, isitish moyi esa 55,1% ga qimmatlagan. Federal statistika idorasi rahbari Rut Brand bu o‘sishni Eron uruhi bilan bog‘ladi.

Pensiya rejalashtirish bo‘yicha so‘rovnomada ishtirokchilarning atigi 40 foizi bu masala bilan jiddiy shug‘ullanayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2020 yildagi 56% dan past, ammo 2024 yildagi 33% dan biroz yuqori. Banklar uyushmasi zaif moliyaviy ahvoldagilar pensiya rejalashtirishdan eng uzoq ekanini ta’kidladi.

Merts islohotlarni amalga oshirishda kasaba uyushmalari bilan murosaga tayyorligini bildirdi. SPD vitse-prezidenti Lars Klingbeyl esa sotsial-demokratlar ishchilar harakatidan kelib chiqqanini eslatib, Mertsning rejalariga qarshi taklif tayyorlash bosimi ostida ekanini aytdi. Pensiya islohoti bo‘yicha takliflar yozgi ta’tilgacha kutilmoqda.

Source: www.dw.com