Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Afg‘onistondagi missiyasi (UNAMA) 2026-yilning birinchi choragida Tolibon kuchlari va Pokiston harbiylari o‘rtasidagi chegaraviy zo‘ravonliklar natijasida kamida 372 afg‘on tinch aholisi halok bo‘lgani va 397 kishi yaralangani haqida xabar berdi.

UNAMA hisobotiga ko‘ra, o‘limlarning yarmidan ko‘pi Kobuldagi giyohvand moddalarni davolash markaziga uyushtirilgan havo hujumlari bilan bog‘liq. 16-mart kuni amalga oshirilgan ushbu hujumda kamida 269 kishi halok bo‘lgan va 122 kishi yaralangan. Ko‘plab jasadlar kuchli kuyishlar tufayli tanib bo‘lmas holga kelgan.

Ushbu davr mobaynida 13 ayol, 46 bola (31 o‘g‘il va 16 qiz) va 313 erkak halok bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2011-yildan beri UNAMA tomonidan qayd etilgan eng yuqori choraklik raqamdir.

Pokiston Tolibon hukumatini Pokiston Toliboni (TTP) jangarilariga boshpana berishda ayblaydi. Afg‘oniston rasmiylari buni rad etib, Pokiston dushman guruhlarni himoya qilayotganini va suverenitetini hurmat qilmayotganini ta’kidlaydi.

UNAMA urushayotgan tomonlarni xalqaro huquqni hurmat qilishga, tibbiy muassasalarni nishonga olishdan va tinch aholi hududlariga o‘q otishdan tiyilishga chaqirdi. Pokiston o‘zining javobida harakatlar faqat terrorchilik va harbiy infratuzilmaga qaratilganligini ta’kidladi.

Tinch aholi qurbonlarining asosiy sababi havo hujumlari (64 foiz) bo‘lgan, qolganlari chegaraviy otishmalar va bir nafar NNT xodimining maqsadli o‘ldirilishi bilan bog‘liq. Nuristondagi ayol xodim 19-mart kuni, bayram vaqtida otib o‘ldirilgan.

Aprel oyi boshida Xitoyda o‘tkazilgan sulh muzokaralaridan so‘ng Pokiston va Afg‘oniston keskinlikni oldini olishga va’da bergan bo‘lsa-da, voqealar to‘liq to‘xtamagan. 27-aprel kuni Kunar viloyatidagi universitetga qilingan hujumda yetti tinch aholi halok bo‘lgan va 85 kishi yaralangan.

Source: www.aljazeera.com