Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh ma’muriyati Grenlandiyada harbiy ishtirokini kengaytirish masalasini Daniya bilan muntazam muhokama qilmoqda, deb xabar berdi BBC News manbalariga tayanib. So‘nggi oylarda har ikki tomon ishtirokidagi muzokaralarda sezilarli siljish kuzatilmoqda.

BBC suhbatdoshlarining ma’lumotiga ko‘ra, AQSh rasmiylari orol janubida uchta yangi harbiy baza ochishni istamoqda. Shu yo‘l bilan ular AQSh prezidenti Donald Trampning hududni kuch bilan bosib olish haqidagi tahdidlari sabab kelib chiqqan diplomatik inqirozni hal qilishga urinmoqda.

Bazalardan biri, ehtimol, Narsarsuakdagi kichik aeroportga ega bo‘lgan sobiq AQSh bazasi o‘rnida joylashadi. Boshqa bazalar ham katta ehtimol bilan tayyor infratuzilmaga – aerodrom yoki portlarga ega bo‘lgan maydonlarda joylashtiriladi, bu esa ularni kamroq xarajat bilan modernizatsiya qilish imkonini beradi.

BBC manbalarining aniqlik kiritishicha, bazalardan Atlantika okeanining shimoliy qismida – Grenlandiya, Islandiya va Buyuk Britaniya oralig‘idagi hududda Rossiya va Xitoyning dengiz faolligini kuzatish uchun foydalanish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, AQSh rasmiy shaxslari yangi harbiy bazalarni AQShning suveren hududi deb tan olishni taklif qilgan.

Manbalarning ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar hozircha hech narsani kelishib olmagan, bazalarning yakuniy soni o‘zgarishi mumkin. Oq uy ma’muriyati Grenlandiya va Daniya bilan yuqori darajada muzokaralar olib borayotganini tasdiqladi, biroq tafsilotlarga izoh berishdan bosh tortdi.

Daniya bundan avval Grenlandiyada AQShning qo‘shimcha harbiy bazalari joylashtirilishini muhokama qilishga tayyorligini bildirgan edi va qirollik Tashqi ishlar vazirligi AQSh bilan muzokaralar olib borilayotgani faktini tasdiqladi. “Hozirgi vaqtda AQSh bilan diplomatik ishlar davom etmoqda. TIV ayni damda tafsilotlarga to‘xtalmaydi”, – dedi vazirlik vakili.

Hozirda AQShning Grenlandiyada bitta harbiy bazasi bor. Sovuq urush avjiga chiqqan davrda ularning soni 17 taga yaqin bo‘lgan. Orolning shimoli-g‘arbidagi “Pituffik” kosmik bazasi raketalarni kuzatib boradi, biroq u dengiz faolligini monitoring qilishga moslashmagan.

1951-yilgi pakt AQShga Grenlandiyadagi harbiy amaliyotlarini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar beradi. Daniya hukumati hududdagi AQShning har qanday harbiy kengayishini ma’qullashi kerak, biroq Arktika xavfsizligi bo‘yicha ekspertlarning ta’kidlashicha, Daniya tarixan AQShning u yerdagi harbiy amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlab kelgan va AQShning o‘z ishtirokini kengaytirish haqidagi so‘rovlarini biror marta rad etmagan.

Donald Tramp Oq uyga qaytgach, Grenlandiyani anneksiya qilish rejalari haqidagi bayonotlarni qayta boshladi. “Bizga haqiqatan ham Grenlandiya kerak. U bizga mudofaa uchun zarur”, – degan edi Tramp yanvar oyi boshida orolni “Rossiya va Xitoy kemalari bilan o‘ralgan” deb ta’riflab.

Daniya va Grenlandiya orol suverenitetini topshirish bo‘yicha AQShning har qanday taklifini qayta-qayta rad etib kelmoqda. “Agar biz hozir va shu yerda AQSh va Daniya o‘rtasida tanlov qilishimiz kerak bo‘lsa, biz Daniyani tanlaymiz”, – deb bayonot bergan Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen. “Xo‘sh, bu ularning muammosi. Men u bilan kelishmayman”, – deb javob qaytargan AQSh prezidenti.

Source: www.gazeta.uz