Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus hantavirusning “Andes” shtami keng masshtabda avj olishi boshlanishining alomatlari hozircha yo‘qligini ma’lum qildi. Uning so‘zlarini BBC News keltirmoqda.
“Hozirgi vaqtda biz kasallikning yanada keng masshtabda avj olishi boshlanishiga guvoh bo‘layotganimizdan dalolat beruvchi hech qanday belgilar yo‘q”, — dedi u. Shu bilan birga, JSST rahbari “vaziyat o‘zgarishi mumkinligi” haqida ogohlantirdi. “Virusning inkubatsiya davri uzoqligini hisobga olsak, yaqin haftalarda kasallanganlar soni ortishi ehtimoldan xoli emas”, — deb ta’kidladi Gebreyesus.
Hantavirus infeksiyasi zoonoz kasallik bo‘lib, uning tashuvchilari kemiruvchilar hisoblanadi. Odamning zararlanishi odatda infeksiyalangan hayvonlar yoki ularning hayotiy faoliyati mahsulotlari (so‘lagi, peshobi, tezagi) bilan aloqa qilganda sodir bo‘ladi.
Lotin Amerikasining ayrim qismlarida uchraydigan “Andes” shtami — hantavirusning odamdan odamga yuqish xususiyatiga ega bo‘lgan yagona ma’lum turi. Biroq bunday yo‘l bilan yuqish ehtimoli juda past. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, buning uchun yaqin va davomli aloqa talab etiladi, bu odatda oila ichida, jinsiy sheriklar o‘rtasida yoki bemorlarni parvarish qilish jarayonida yuz beradi.
Hantavirus avj olishi Argentinadan Kabo Verdega yo‘l olgan MV Hondius kruiz layneri bortida boshlandi. O‘shanda kema bortida 23 davlatdan 147 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgan. Birinchi bemor 6-aprel kuni o‘zini yomon his qilgan va keyinroq kema bortida vafot etgan. Uning rafiqasi ham kasallanib, Janubiy Afrika Respublikasiga evakuatsiya qilinganidan keyin vafot etgan, u yerda o‘tkazilgan laboratoriya testlari hantavirus infeksiyasini tasdiqlagan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, laynerga chiqishdan oldin er-xotin qushlarni kuzatish ishqibozlari uchun tashkil etilgan tur doirasida Argentina, Chili va Urugvay bo‘ylab sayohat qilgan. Marshrut virus tashuvchisi bo‘lgan kemiruvchilar yashaydigan joylar orqali o‘tgan. Yana bir yo‘lovchi 2-may kuni vafot etdi. Bir erkak Janubiy Afrikada reanimatsiyada qolmoqda, biroq JSST xabariga ko‘ra, uning ahvoli yaxshilanmoqda. Boshqa bemorlar davolanish uchun Niderlandiya kasalxonalariga o‘tkazilgan.
10-may kuni layner Tenerifega (Ispaniya) yetib keldi, u yerda yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining katta qismi evakuatsiya qilindi va keyinroq vataniga qaytarildi. 11-may holatiga ko‘ra, JSST hantavirus bilan kasallanish bo‘yicha to‘qqizta ehtimoliy holatni qayd etgan, ulardan yettitasi laboratoriyada tasdiqlangan.
Source: www.gazeta.uz