Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Tailand Tashqi ishlar vazirligi chet ellik sayyohlar uchun vizasiz qolish muddatini 60 kundan 30 kungacha qisqartirish rejasini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

Tashqi ishlar vaziri Sihasak Puangketkeo muddat qachondan kuchga kirishini ochiqlamagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 60 kun juda uzoq muddat bo‘lib, haqiqiy sayyoh bo‘lmagan shaxslar vizasiz rejimdan noqonuniy maqsadlarda foydalanmoqda. Vazir nazoratni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Vazirning aytishicha, vizasiz bo‘lish muddatini qisqartirish taklifi avvalgi ma’muriyat davridayoq tayyorlangan, biroq saylovlar tufayli ko‘rib chiqish qoldirilgan. Hozirda mas’ul idoralar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda, ammo vazir tashabbusning qabul qilinishida muammo bo‘lmasligiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, bir nechta viza toifalarini qayta ko‘rib chiqish talab etiladi, chunki ular juda ko‘p va ba’zilari birlashtirilishi mumkin. Bosh vazir Anutin Charnvirakul qoidalarni qayta ko‘rib chiqish uchun ishchi guruh tuzishga ko‘rsatma berdi.

Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, hukumatning bu harakati migrantlarning noqonuniy faoliyati tufayli daromad manbalari xavf ostida ekanidan shikoyat qilayotgan mahalliy biznes vakillariga javob bo‘ldi. Tailand 2024-yil iyul oyidan boshlab 93 ta davlat sayyohlari uchun vizasiz davrni belgilagan edi.

2026-yil 1-yanvardan 10-maygacha Tailand 12,4 million xorijiy sayyohni qabul qilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,43 foizga kamdir. Turizm iqtisodiyotning muhim harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib, xorijlik sayyohlar oqimi 2019-yilda qariyb 40 millionga yetgan.

Ma’lumot uchun, Tailand hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun 2024-yil yozida 60 kungacha vizasiz kirish rejimini joriy qilgan edi. Kutilayotgan o‘zgarishning O‘zbekistonga ta’siri haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Source: www.gazeta.uz