Gazeta futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati start olishigacha qolgan hafta-kunlarni sanashda va musobaqa ishtirokchilarini o‘quvchilarga tanishtirishda davom etadi. “B” guruhida bizni tezlikka tayangan Kanada, barqaror o‘yin namoyish etuvchi Shveysariya, yangi g‘oyalar tanqisligiga uchragan Qatar, shuningdek, qat’iy xarakterga ega va turnirda tavakkal qilishga tayyor Bosniya va Gersegovina kutib turibdi.
Kanada jahon chempionatidagi uchinchi ishtiroki; debyutini 1986-yili Meksikadagi mundialda o‘tkazgan. JCH-2022ʼda Kanada jamoasi eng istiqbolli yosh jamoalardan biri sanalgandi. Biroq musobaqalardagi tajribasizlik “qizillar”ga hatto guruhdan chiqishga ham imkon bermadi. Ushbu jahon chempionatiga kanadaliklar mundial mezbonlaridan biri sifatida avtomatik tarzda yo‘llanma oldi. Islandiya (2−2), Tunis va Gvatemala (1−0) bilan o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinlari jamoaning hujumdagi samaradorligi unchalik yuqori emasligini ko‘rsatdi. FIFA reytingida 30-o‘rinda.
Jamoaning foydasiga: Amerikalik murabbiy Jessi Marsh jamoaga salobat bag‘ishladi va o‘z-o‘ziga ishonishga o‘rgatdi. Uning murabbiyligi ostida kanadaliklar 2024-yilda Amerika Kubogi yarim finaligacha yetib borib, Argentinaga qarshi munosib kurashdilar (0−2). Shu vaqt ichida “Yuventus”ning universal hujumchisi Jonatan Devid Kanada tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi (37 ta gol). Shuningdek, jamoada “Vilyarreal” a’zosi Tayjon Byukenen ham bor — u aynan “vinger” atamasi o‘ylab topilgan o‘yinchilar toifasiga mansub. Ikki terma jamoa orasidan birini tanlashda meksikalik Marselo Flores (“UANL Tigres”) Marshning g‘oyalariga ishondi va endilikda kanadaliklar o‘rta chizig‘iga kreativlik qo‘shmoqda.
Jamoaning zarariga: Aprel oyi boshiga kelib, beshta asosiy o‘yinchidan faqat Devid jamoa safida. Ayniqsa, o‘ng qanot himoyachisining yo‘qligi seziladi: Alister Jonston (“Seltik”) tizza osti payidagi jarrohlik amaliyotidan so‘ng tiklanmoqda. Darvoza chizig‘i kanadaliklarning sezilarli zaif nuqtasi bo‘lishi mumkin. Marsh Maksim Krepoga (“Orlando”) va Deyn Sen-Klerga (“Inter Mayami”) yoki Ouen Gudmanga (“Barnsli”) ishonsa ham, bu so‘nggi marra uchun to‘liq xotirjamlikni ta’minlamaydi.
Shveysariya jahon chempionatiga o‘n uchinchi marta, ayni paytda ketma-ket oltinchi bor yo‘l olmoqda. Sakkiz marta guruhdan chiqqan va uch marta chorak finalgacha yetib borgan: 1934, 1938 va 1954-yillarda. Joriy saralash turnirida Murat Yakin jamoasi o‘z mamlakatida ishlab chiqariladigan mashhur brend soatlar mexanizmidek uzilishlarsiz o‘ynab, mundial yo‘llanmasini muddatidan avval qo‘lga kiritdi. Asosiy raqib — Shvetsiya o‘z maydonida 4:1 hisobida tor-mor etildi. FIFA reytingida 19-o‘rinda.
Jamoaning foydasiga: Yevro-2024ʼdan so‘ng xalqaro faoliyatini yakunlagan Jerdan Shakiri va Yan Zommersiz ham bu jamoa tarkibida yetarlicha taniqli o‘yinchilar bor. 33 yoshli jamoa sardori Granit Jaka Londonning “Arsenal”idan ketgach, Germaniyaning “Bayer” klubida faoliyatini qayta jonlantirdi va “Sanderlend” safida tumanli albionga (Angliya) qaytishga ham ulgurdi. U terma jamoaning barcha o‘yinlarida almashtirishlarsiz to‘p suradi, hujumlarni kuchaytirishga, uzoq masofadan zarba berishga, hakamlar va raqiblar bilan tortishishga ham vaqt topadi. Markaziy himoyachi Manuel Akanji (“Manchester Siti”) o‘z klubi bilan barcha sovrinlarni yutib bo‘ldi. Hujumchi Bril Embolo (“Monako”) — jamoaning asosiy zarbdor kuchi. U terma jamoa safida 10 ta gol urgan, biroq jarohatlar bo‘lmaganida bu ko‘rsatkich ancha yuqori bo‘lishi mumkin edi.
Jamoaning zarariga: Zommerning o‘rnini egallagan darvozabon Gregor Kobel (“Borussiya” Dortmund) xalqaro darajadagi tajriba va barqarorlik, ayniqsa, darvoza chizig‘idagi o‘yini bo‘yicha o‘zidan avvalgi posbondan ortda qoladi. Embolo tez-tez jarohat oladi, jamoa to‘psiz qolganda kamdan-kam hollarda himoyaga qaytadi. Bundan tashqari, Akanjining mudofaadagi sheriklari — Niko Elvedi va Silvan Vidmer himoyada raqiblarga “sovg‘a”lar ulashib turadi.
Bosniya va Gersegovina jahon chempionatining yakuniy bosqichida ikkinchi marta ishtirok etmoqda (birinchisi — 2014-yilda). O‘n ikki yil avval bosniyaliklar Argentina va Nigeriyaga imkoniyatni boy berib, kuchli guruhdan chiqa olmagan. Bu safar Bolqon jamoasi pley-off o‘yinlarida Uels ustidan g‘alaba qozonib, sensatsion tarzda ketma-ket uchinchi marta JCHga borish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan Italiyani musobaqadan chiqarib yuborib, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Har ikki pley-off o‘yinida ham Bosniya va Gersegovina birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yubordi va faxrli yo‘llanmani penaltilar seriyasida yulib oldi. FIFA reytingida 65-o‘rinda.
Jamoaning foydasiga: Bosniyalik murabbiy Sergey Barbarezning loyihasi muvaffaqiyatsizlikka uchrashi yoki sensatsiya ko‘rsatishi ham mumkin, lekin zerikishga yo‘l qo‘ymasligi aniq. Yetuk tajriba va yoshlarga xos shijoatning mukammal uyg‘unligi: bosniyaliklarning Braziliyadagi mundialda g‘alaba qozongan yagona o‘yinida gol urgan 40 yoshli Edin Jeko (“Fenerbahche”) va saralashning barcha o‘yinlarida maydonga tushgan 23 yoshli markaziy yarim himoyachi Benyamin Taxirovich (“Ayaks”). Italiya bilan penaltilar seriyasini o‘z shousiga aylantirgan 30 yoshli darvozabon Nikola Vasil (“Sankt-Pauli”) va nuqtadan hal qiluvchi golni urgan 21 yoshli Esmir Bayraktarevich (PSV “Eyndxoven”).
Jamoaning zarariga: 2014-yilgi jahon chempionatida bo‘lgani kabi, “ajdarlar”ning asosiy kamchiligi asosiy tarkib va zaxira o‘yinchilari o‘rtasidagi katta tafovutligicha qolmoqda — Bosniyada 12−14 nafar yuqori saviyali futbolchi yetishib chiqqan, biroq ularning ortida jarlik bo‘lmasa ham, bo‘shliq bor. Bu xarakter va irodaga tayangan jamoa o‘zagidir, lekin kanadaliklar va shveysariyaliklar bilan ikki bo‘lim to‘liq yugurish masalasi ochiqligicha qolmoqda.
Qatar o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga yo‘l olmoqda — bu xato emas, 2022-yilda hech qayerga borish hojat bo‘lmagan, JCH o‘z uyida o‘tgan edi. To‘rt yil avval “to‘q qizillar” guruhdagi barcha uchta o‘yinda ham mag‘lub bo‘lgandi. O‘zbekiston terma jamoasi saralash bosqichining 3-raundida mag‘lub etgan qatarliklarga bu safar Osiyo saralashining to‘rtta bosqichidan o‘tishga to‘g‘ri keldi. Dohada BAA bilan o‘yin keskin kechdi, lekin mezbonlar bir kishi kam bo‘lib o‘ynagan holda g‘alabani va jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘ldan chiqarmadi (2:1). FIFA reytingida 55-o‘rinda.
Jamoaning foydasiga: Qatarning asosiy yulduzi — terma jamoa murabbiyi, ispaniyalik Xulyon Lopetegi. U 2024-yilda Qatar shayxlari tomonidan “JCH tarixidagi eng yomon mezbon” degan nomaqbul tamg‘ani hamda qo‘shnilar bilan kechgan o‘yinlarning alamli mag‘lubiyatlari izini yo‘qotish maqsadida taklif etilgan. O‘shandan buyon Qatar jamoasida yangi yorqin nomlar paydo bo‘lmadi, hujumdagi asosiy va yagona dalil esa, to‘rt yil avvalgidek, Almoiz Ali va Akram Afif juftligidir. Terma jamoa safida rekord darajadagi 185 ta o‘yin o‘tkazgan 35 yoshli Hasan Al-Haydos esa maydonda va kiyinish xonasida futbolchilarni nazorat qilib turadi.
Jamoaning zarariga: Qatarliklar qancha gol urmasin, baribir o‘z darvozasidan ko‘proq to‘p o‘tkazib yuboradi. Bu jamoa Zimbabve, Bahrayn va BAAga qarshi o‘yinlarda ikkita va undan ko‘p gol o‘tkazgan. Shveysariya, Kanada va Bosniyadan kamroq gol o‘tkazib yuborishiga ishonish uchun hech qanday asos yo‘q. Qatar mudofaasi o‘zaro uyg‘unlikka tayanadi, lekin guruhdagi tezkorroq va sifatliroq qarorlar qabul qiladigan hozirgi raqiblarga qarshi bu uyg‘unlik darz keta boshlaydi — chiziqlar ulgurmay qoladi, bo‘shliqlar yuzaga keladi, xatolar esa gollarga aylanadi.
“C” guruhi ishtirokchilari haqidagi sharhni 17-may kuni Gazetaʼda o‘qing.
Source: www.gazeta.uz