Ukraina Oliy antikorrupsiya sudi prezident ofisining sobiq rahbari Andrey Yermakni ikki oy muddatga hibsga oldi. U 140 million grivna (taxminan 3,4 million dollar) miqdoridagi garov evaziga ozodlikka chiqishi mumkin. Bu haqda RBK Ukraina va UNIAN xabar bermoqda.
“Odil sudlov mustaqil va ta’sirlardan xoli bo‘lishi muhim. Men o‘z misolimda bundan [ta’sir o‘tkazishdan] foydalanmayotganimni ko‘rsatmoqchiman”, — dedi Yermak sud majlisida. U o‘zida garov uchun buncha mablag‘ yo‘qligini, biroq advokat garov pulini topish uchun ish olib borishini ma’lum qildi.
Yermakning advokati Igor Fomin sudda ayblovni asossiz deb atadi. Uning ta’kidlashicha, ayblov tomoni Yermakni hibsga olish zarurligini asoslab bera olmagan. 11-may kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi (KQKMB) va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura (KQIP) Yermakka nisbatan gumon e’lon qilgandi.
Huquq-tartibot idoralari Yermakni Kiyev viloyatidagi elita qurilish loyihasida 460 million grivnadan ortiq (10,5 million dollar) mablag‘ni legallashtirishga aloqador uyushgan guruh ishtirokchisi deb hisoblamoqda. Tergov hujjatlarida Yermak “R2” nomi bilan qayd etilgan. U 2021-2022 yillarda “Dinastiya” kooperatividagi hovlini jihozlash masalasini muhokama qilgan.
Antikorrupsiya idoralarining fikricha, sxema ishtirokchilari to‘rtta rezidensiya qurishga kelishib olgan va moliyalashtirish jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan naqd pullar orqali yashirilgan. Tergovga ko‘ra, qurilish davomida 9 million dollar “yuvilgan”. Yermak gumonni asossiz deb atab, huquq-tartibot idoralariga nisbatan “misli ko‘rilmagan ommaviy bosim” borayotganidan shikoyat qildi.
12-may kuni sud ish hajmi kattaligi (16 tom, har biri 250 sahifadan) sababli ehtiyot chorasini belgilashni qoldirgandi. Yermak 2020-yil fevralidan buyon prezident ofisini boshqarib kelgan va Zelenskiyning yaqin safdoshi hisoblanadi. Zelenskiy uni 2025-yil noyabr oyi oxirida, “Energoatom” atrofidagi korrupsiya mojarosi avj olgan paytda lavozimidan bo‘shatgandi.
Source: www.gazeta.uz