AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoyga rasmiy tashrifi doirasida Pekinda Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashdi.
Si Szinpin uchrashuvni ochib, ikki davlat va butun dunyo uchun muhim masalalarni muhokama qilish, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish niyatida ekanini bildirdi.
Xitoy raisining so‘zlariga ko‘ra, dunyo misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda va xalqaro vaziyat beqarorligicha qolmoqda. U «Xitoy va AQSh vaqt sinovlariga birgalikda javob berishi kerak», deb ta’kidladi.
Si Szinpin Pekin va Vashingtonning umumiy manfaatlari kelishmovchiliklardan ancha ko‘pligini, bir davlatning muvaffaqiyati ikkinchisi uchun imkoniyat bo‘lishi kerakligini qayd etdi. U ikki kuch o‘rtasidagi munosabatlarni raqobat emas, balki o‘zaro manfaat va hamkorlikka asoslangan sheriklik sifatida ko‘rishga chaqirdi.
Xitoy raisi, shuningdek, Xitoy-AQSh munosabatlarining yaxshi bo‘lishi butun jahon hamjamiyati manfaatlariga mos kelishini ta’kidladi. «Biz Xitoy-AQSh munosabatlarining ulkan kemasiga to‘g‘ri yo‘nalish berishga va 2026 yilni tarixiy burilish nuqtasiga aylantirishga tayyormiz», dedi u.
Savdo-iqtisodiy masalalarga alohida e’tibor qaratgan Si Szinpin savdo urushlarida g‘olib bo‘lmasligini va har qanday kelishmovchiliklar faqat teng huquqli maslahatlar orqali hal qilinishi kerakligini ta’kidladi.
Tayvan haqida gapirar ekan, Si Szinpin Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni saqlash Xitoy va AQShning eng muhim umumiy manfaatlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Donald Tramp o‘z navbatida Xitoy rahbari bilan «juda muhim muzokaralar» kutayotganini va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yanada yaxshilanishiga ishonch bildirdi. «Qiyinchiliklarga duch kelganimizda, biz ularni yengishni doim bilganmiz. Birgalikda bizni go‘zal kelajak kutmoqda», dedi AQSh prezidenti.
Tramp uchun Tyantanmen maydonida rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi, so‘ngra muzokaralar ikki tomonlama va kengaytirilgan formatda davom etdi.
Tomonlar nafaqat savdo-iqtisodiy masalalarni, balki Tayvan atrofidagi vaziyatni hamda AQSh va Isroilning Eronga zarbalaridan keyin boshlangan mojaroni muhokama qilishi kutilmoqda.
Muzokaralardan so‘ng Tramp Pekindagi Osmon ibodatxonasiga tashrif buyuradi va rasmiy kechki ovqatda ishtirok etadi. 15 may kuni yetakchilarning choy suhbati va ishchi tushlik formatida yangi uchrashuvi rejalashtirilgan.
Source: kun.uz