Turkiya Tashqi ishlar vazirligi 11-may kuni Turkiya va Armaniston o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri savdo aloqalarini yo'lga qo'yish bo'yicha byurokratik tayyorgarlik yakunlanganini ma'lum qildi.
Yangi qarorga ko'ra, endilikda Turkiyadan uchinchi davlat orqali Armanistonga yoki aksincha yo'nalishda kelayotgan tovarlarning yakuniy manzili yoki kelib chiqish joyini "Armaniston/Turkiya" deb ko'rsatish mumkin bo'ladi.
Armaniston TIV matbuot kotibi Ani Badalyan Yerevanning ushbu qarorni olqishlashini bildirib, bu ikki davlat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, mintaqadagi iqtisodiy o'zaro bog'liqlikni rag'batlantirish hamda tinchlik va farovonlikni ta'minlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi.
Badalyan, shuningdek, bu to'laqonli va normal munosabatlarni rivojlantirish yo'lidagi muhim qadam bo'lib, mantiqan Armaniston-Turkiya chegaralarining ochilishi va diplomatik aloqalar o'rnatilishi bilan davom etishi mumkinligini qo'shimcha qildi.
Eslatib o'tamiz, Turkiya va Armaniston o'rtasida diplomatik munosabatlar mavjud emas. Qorabog' mojarosi tufayli ikki davlat o'rtasidagi quruqlikdagi chegaralar 1993-yildan beri yopiq qolmoqda. 2022-yildan buyon tomonlar munosabatlarni normallashtirish bo'yicha muzokaralar olib bormoqda.
Source: www.gazeta.uz