Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Boliviyada hukumatga qarshi norozilik namoyishlari keskin tus oldi. Minglab odamlar markaziy o‘ng hukumat rahbari Rodrigo Pasning iste’fosini talab qilmoqda. Namoyishchilar yo‘llarni to‘sib qo‘ygani sababli ma’muriy poytaxt La Paz shahri oziq-ovqat, yoqilg‘i va dori-darmon taqchilligiga uchradi.

Dushanba kuni fermerlar, konchilar, o‘qituvchilar, davlat sektori xodimlari va mahalliy jamoalar shaharga to‘planishdi. Ularning talablari orasida ish haqini oshirish, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va davlat korxonalarini xususiylashtirishni to‘xtatish bor.

Boliviya 40 yil ichidagi eng og‘ir iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Aprel oyida yillik inflyatsiya 14 foizga yetdi, bu aholining xarid qobiliyatini pasaytirib, narxlar oshishiga nisbatan norozilikni kuchaytirdi.

“Uning iste’foga chiqishini istaymiz, chunki u qobiliyatsiz. Boliviya tartibsizlik davrini boshdan kechirmoqda”, – dedi 60 yoshli fermer Ivan Alarkon. U namoyishga qatnashish uchun g‘arbiy Boliviyadagi Kakiaviri shahridan 90 km yo‘l bosib kelgan.

Politsiya namoyishchilarni hukumat binolari joylashgan asosiy maydonga yo‘latmaslik uchun ko‘z yosh oldiruvchi gaz ishlatdi. Namoyishchilar tosh va kichik portlovchi moddalarni otishdi. Rasmiylar jarohatlanganlar sonini e’lon qilmagan, ammo AFP kamida ikki kishi yaralanganini xabar qildi.

Hukumat e’lon qilgan suratlarda namoyishchilar ofisga kirib, mebel, kompyuter va boshqa jihozlarni olib chiqib ketayotgani aks etgan. Unitel telekanali butun mamlakat bo‘ylab 100 dan ortiq kishi hibsga olinganini xabar qildi.

Paz olti oy oldin hokimiyatga kelgan va uzoq muddatli sotsialistik boshqaruvdan so‘ng yoqilg‘i subsidiyalarini bekor qilishga kirishgan. Rasmiylarning ta’kidlashicha, bu subsidiyalar valyuta zaxiralarini tugatgan. Biroq bu qaror yoqilg‘i ta’minotini barqarorlashtira olmadi, aksincha, narxlar oshishi va taqchillik tufayli norozilikni kuchaytirdi.

Source: www.aljazeera.com