Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Istanbuldagi xususiy Bilgi universitetini yopish to‘g‘risidagi farmonini talabalarning ommaviy norozilik chiqishlaridan so‘ng bekor qildi. Oliygoh faoliyatini to‘xtatish haqidagi farmoyish 21-may kuni imzolangandi, uni bekor qilish to‘g‘risidagi farmon esa 24-may kuni qabul qilindi. Hujjatlar hukumatning rasmiy Resmi Gazete nashrida e’lon qilindi.

Mazkur ta’lim muassasasining yopilishi rasman mamlakatning oliy ta’lim to‘g‘risidagi qonunining 11-moddasi bilan asoslangandi, u universitetlararo kengash faoliyatini tartibga soladi. OAV esa mazkur qonun, shuningdek, agar “ta’lim va tayyorgarlik darajasi… yetarli bo‘lmasa”, xususiy oliygohni yopishni nazarda tutishini qayd etgan. Talabalarni davlatga qarashli Mimar Sinan nomidagi tasviriy san’at universitetiga o‘tkazish rejalashtirilgandi. Bundan tashqari, prezident farmonida Bilgi universiteti ta’sischi jamg‘armasi tashqi boshqaruvga o‘tkazilgani ham qayd etilgandi.

Bilgi universitetining yopilishiga qarshi o‘tkazilgan uch kunlik ommaviy norozilik chiqishlaridan so‘ng oliygoh faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi. Universitet talabalari va ayrim o‘qituvchilarining norozilik namoyishlari, xususan, 24-may kuni kampus hududida mingga yaqin kishi ishtirok etgan mitinglar maqsadga erishishga yordam berdi. Namoyishlar chog‘ida o‘nlab talabalar universitet binosini egallab olgan, ular politsiya tomonidan chiqarib yuborilgandi. Shuningdek, oliygohning yopilishi haqidagi xabardan so‘ng talabalar universitetda tunab qolib, o‘z noroziligini ifoda etdi.

Universitetning yopilishi 2025-yil sentabridan buyon Istanbulning yirik Can Holding holdingiga nisbatan olib borilayotgan firibgarlik va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha tergov doirasida sodir bo‘ldi. 120 dan ortiq kompaniyani (jumladan, yirik telekanallarni) birlashtirgan ushbu holding 2019-yildan buyon universitetga homiylik qilib kelayotgandi. Hozirda holding tarkibiga kiruvchi kompaniyalar davlat nazorati ostida.

Qayd etilishicha, 1996-yilda tashkil etilgan Bilgi universitetida 20 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Oliygohda 150 dan ortiq ta’lim dasturini taklif etuvchi sakkizta fakultet faoliyat yuritadi. Shuningdek, Bilgi Yevropa Ittifoqining talabalar almashinuvi dasturi bo‘lmish Erasmus’da ham ishtirok etadi.

Ta’kidlash kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda bu qaror keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi. Jumladan, o‘quv yili tugashiga oz qolganida universitetning yopilishi mazkur OTMga kirishga hozirlanayotgan talabgorlarga salbiy ta’sir qilishi, Bilgi universitetidagi talabalar jismoniy jihatdan Mimar Sinan oliygohiga sig‘masligi, ayni vaqtda, ikki OTM yo‘nalishlarida farqlar mavjudligi, umuman olganda, minglab talaba va o‘qituvchilarning o‘quv faoliyati qanday bo‘lishi noaniq bo‘lib qolgani tanqid qilindi.

Bu Turkiyada oliygohlarning yopilishi bilan bog‘liq birinchi mojaro emas. 2020-yil iyun oyida Erdog‘anning farmoni bilan Istanbul shahar universiteti (Istanbul Şehir University) yopilgandi. Ushbu xususiy oliygoh sobiq bosh vazir va hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasining sobiq rahbari, 2019-yilda oppozitsiyadagi “Kelajak” partiyasiga asos solgan Ahmet Davutog‘lu bilan bog‘liq bo‘lgan.

O‘shanda prezident farmoyishida 2008-yilda tashkil etilgan universitet moliyaviy qiyinchiliklar sababli o‘z faoliyatini davom ettira olmasligi qayd etilgandi. Yopilganidan so‘ng talabalar davlatga qarashli Marmara universitetiga o‘tkazilgan. Shuningdek, Marmara universiteti Istanbul shahar universiteti kampusini ham o‘z tasarrufiga olgandi.

Source: www.gazeta.uz