Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampga maktub yo‘llab, Rossiya raketa hujumlaridan himoyalanish uchun zarur bo‘lgan havo hujumiga qarshi mudofaa vositalari yetishmasligi tobora keskinlashayotganini bildirdi.

The Kyiv Independent nashriga ko‘ra, Ukraina rahbari maktubida «havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarining keskin tanqisligi» haqida ogohlantirib, qo‘shimcha Patriot PAC-3 raketalari va boshqa qurollarni so‘ragan.

«Raketaga qarshi mudofaa haqida gap ketganda, biz do‘stlarimizga tayanamiz. Ballistik raketalardan himoyalanishda esa deyarli faqat Qo‘shma Shtatlarga tayanamiz», — deyiladi Zelenskiy maktubida.

U, shuningdek, PURL (Ukrainaning ustuvor ehtiyojlari ro‘yxati) dasturi doirasidagi qurol yetkazib berish sur’ati hozirgi tahdid darajasiga mos kelmayotganini ta’kidlagan.

Nashr manbasiga ko‘ra, Ukraina elchisi Olha Stefanyshina Oq uyga, Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonsonga va Kongress a’zolariga ham shunday murojaatlar yuborgan.

PURL dasturi 2025 yil avgust oyida ishga tushirilgan bo‘lib, NATO davlatlari tomonidan Ukraina uchun qurol sotib olish va ularni Kiyevga yetkazishni nazarda tutadi, biroq AQSh tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni o‘z ichiga olmaydi.

Source: kun.uz