Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Rossiya 2-iyunga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab keng ko‘lamli havo hujumini amalga oshirdi. Prezident Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, jami 656 ta zarba beruvchi dron va 73 ta turli turdagi raketalar, jumladan ballistik va qanotli raketalar uchirilgan.

Asosiy zarba poytaxt Kiyevga berildi. O‘nlab turar joy binolari va fuqarolik infratuzilmasi zarar ko‘rdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 4 kishi halok bo‘lgan, 60 dan ortiq aholi jarohatlangan, 38 nafar fuqaro kasalxonaga yotqizilgan.

Dnepr shahrida 4 qavatli ko‘p xonadonli uyning bir qismi vayron bo‘ldi. Hujum oqibatida 9 kishi, jumladan bir bola halok bo‘ldi, 35 kishi jarohatlandi. 6 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda, qidiruv ishlari davom etmoqda.

Qurbonlar orasida o‘t o‘chirish-qutqaruv otryadi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Anton Yarmolenko ham bor. U zarba vaqtida chaqiruv bo‘yicha ketayotgan edi.

Xarkov, Kiyev, Nikolayev, Zaporoje, Poltava, Sumi, Chernigov va Xmelnitskiy viloyatlari ham hujumga uchradi. Xarkovda energetika infratuzilmasi zarar ko‘rdi. Hozirda jabrlangan hududlarda 500 dan ortiq qutqaruvchi ishlamoqda.

Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari Igor Klimenkoning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtda qutqaruvchilar tundan beri deyarli barcha tumanlarda — 29 ta hududda ish olib bordi. Yong‘inlarning aksariyati o‘chirildi, Kiyevning 5 ta tumanida 6 ta faol nuqtada ishlar davom etmoqda. Umumiy miqdorda 100 dan ortiq odam jarohatlangan.

Zelenskiy bayonotida: “Keng ko‘lamli hujum va Rossiyaning mutlaqo ochiq bayonoti: agar Ukraina ballistik va boshqa raketa zarbalaridan himoyalanmasa, bu hujumlar davom etaveradi. Urush nihoyasiga yetishi uchun Yevropaning o‘z antiballistik tizimi bo‘lishi kerak. Shuningdek, Patriot tizimlari uchun raketalar yetkazib berishda AQShning yordami juda muhim. Biz hamkorlarimizni qo‘llab-quvvatlashiga va bugungi zarbaga nisbatan samarali javob qaytarishlariga umid qilamiz”, — dedi.

Source: www.gazeta.uz