Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

3-iyun kuni ertalab Ukraina dronlari Rossiyaning shimoli-g‘arbiy qismiga, jumladan Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatiga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Bu hujum aynan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (SPIEF) ochilgan kunga to‘g‘ri keldi.

Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenkoning ma’lumotiga ko‘ra, tungi vaqtda va ertalab viloyatda 50 dan ortiq dron urib tushirilgan. Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov esa Kronshtadt, Kirov va Krasnosel tumanlaridagi infratuzilma obyektlari nishonga olinganini, bir necha kishi jabrlanganini tasdiqladi.

Mahalliy “Bumaga” nashri xabariga ko‘ra, Fin ko‘rfazi sohilidagi “Jemchujniy kaskad” turar joy majmuasidagi uy zarar ko‘rgan. Eng katta zarar esa Sankt-Peterburg neft terminalida ro‘y berdi: hujumdan so‘ng terminalda yong‘in kelib chiqdi, shahar uzra tutun ko‘tarildi. Ayni paytda forum mehmonlari tadbirga yetib kelayotgan edi.

Hujum oqibatida Sankt-Peterburgda mobil internet ishida uzilishlar kuzatilmoqda. Pulkovo aeroportida 30 dan ortiq reys bekor qilindi yoki kechiktirildi. Shaharda dron xavfi tungi vaqtdayoq e’lon qilingan edi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumni tasdiqlab, nishonlar orasida Sankt-Peterburg neft terminali va Kronshtadt bazasidagi harbiy obyektlar borligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, neft terminali Ukraina chegarasidan taxminan 1100 kilometr uzoqlikda joylashgan. Yana bir nishon Tambov viloyatidagi Rossiya qurollarini ishlab chiqaruvchi korxona bo‘lib, u front chizig‘idan 600 kilometr uzoqlikda.

Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi 3-iyundan 6-iyungacha davom etadi. Bu yilgi tadbir “Pragmatik muloqot — barqaror kelajak sari yo‘l” mavzusiga bag‘ishlangan. Unda 130 dan ortiq mamlakat va hududlar vakillari, jumladan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi.

Source: www.gazeta.uz