Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 193 aʼzosidan 15 tasi Xavfsizlik Kengashida o‘rin egallaydi. Germaniya „G‘arbiy Yevropa va boshqalar“ guruhidagi ikki o‘rin uchun Avstriya va Portugaliya bilan raqobatlashdi.

Chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishda Germaniya BMT Xavfsizlik Kengashidagi vaqtinchalik o‘rinni qo‘lga kirita olmadi. G‘olib chiqish uchun Germaniya BMT Bosh Assambleyasida uchdan ikki ko‘pchilik ovozni to‘plashi kerak edi.

Portugaliya 134, Avstriya 131 ovoz olgan bo‘lsa, Germaniya atigi 104 ovoz bilan uchinchi o‘rinda qoldi. Zimbabve hamda Trinidad va Tobago esa raqibsiz tarzda Xavfsizlik Kengashiga saylandi.

DW muxbiri Benjamin Alvares Gruberning taʼkidlashicha, Germaniya BMTga ikkinchi eng yirik moliyaviy hissa qo‘shuvchi davlatdir. Ovoz berishdan oldin Germaniya tashqi ishlar vaziri Iogann Vadeful Germaniyaning „yaxshi taklifi“ borligini va tinchlikni saqlash hamda xalqaro xavfsizlik bilan shug‘ullanuvchi muhim qo‘mitada masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanini aytgan edi.

Vadeful, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish va global janub davlatlarining rolini kuchaytirish tarafdori ekanini bildirgan. Germaniya oxirgi marta 2019-2020 yillarda Xavfsizlik Kengashida vaqtinchalik aʼzo bo‘lgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari yuridik jihatdan majburiy bo‘lgan yagona organdir. Kengash 15 aʼzodan iborat bo‘lib, AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya va Fransiya doimiy aʼzolar hisoblanadi va veto huquqiga ega.

Source: www.dw.com