Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kaliforniya shtatidagi Beykersfild shahrida Federal Qidiruv Byurosi (FQB) agentlari garovga olinganlarni qutqarish operatsiyasi chog‘ida bir kishini otib o‘ldirdi. Hodisa mahalliy vaqt bilan seshanba kuni sodir bo‘lgan va 12 soat davom etgan.
Qurollangan shaxs bank filiali va maktab okrugi idorasi joylashgan binoga bostirib kirib, bir necha kishini garovga olgan. Politsiya xodimlari dastlab bomba haqidagi xabar tufayli voqea joyiga chaqirilgan.
Beykersfild politsiyasining ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi FQB xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgan. Barcha garovga olinganlar hech qanday jarohat olmagan holda topilgan va voqea joyida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Politsiya serjanti Erik Seledonning aytishicha, idora “bu holatni eng xavfsiz tarzda hal qilish uchun barcha mavjud resurslarni” safarbar qilgan. Ikki kishi muzokaralar natijasida qo‘yib yuborilgan.
Hozircha gumonlanuvchining shaxsi va harakatining sababi noma’lum. Politsiya tergov davom etayotganini va hududda katta miqdordagi huquq-tartibot kuchlari qolishini ma’lum qildi.
Source: www.aljazeera.com