Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 4-iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ochiq xat e'lon qilib, unda urushni tugatishni va neytral hududda yuzma-yuz uchrashuv o'tkazishni taklif qildi. Xatda Zelenskiy Putinni 26 yillik hokimiyati davomida Ukrainaga qarshi urush boshlaganlikda aybladi.

“Siz hokimiyatda bo'lgan 26 yil davomida Ukraina va Rossiya o'rtasidagi munosabatlar kun tartibi butunlay o'zgardi… Rossiyadagi ushbu 26 yillik boshqaruvingizning qariyb yarmini Ukrainaga qarshi urush olib borishga sarfladingiz. NATO, geosiyosat yoki rus tili haqida nima demang, bu urush — sizning shaxsiy tanlovingiz, real sabablarsiz boshlangan urushdir”, — dedi Zelenskiy.

Zelenskiy urush Rossiyaga tobora ko'proq salbiy oqibatlar keltirayotganini ta'kidlab, rossiyaliklarning dron va raketalar, benzin taqchilligi, narx-navoning o'sishi, doimiy cheklovlar va safarbarlikdan norozi ekanini qayd etdi. U razvedka ma'lumotlariga asoslanib, may oyida frontda 30 mingdan ortiq rossiyalik halok bo'lgan yoki og'ir yaralanganini, yo'qotishlarning 63 foizini halok bo'lganlar tashkil etishini aytdi.

“Jang maydonidagi yo'qotishlaringizning 63 foizini halok bo'lganlar tashkil etadi, faqat 37 foizigina yaradorlardir. XXI asrda hech bir armiya bunday nisbatga yo'l qo'ya olmaydi”, — dedi Ukraina prezidenti. U Ukraina va Rossiya yo'qotishlarining nisbati “birning beshga yoki birning oltiga” ekanini, ammo bu baribir “juda katta ahamiyatga ega”ligini qo'shimcha qildi.

Zelenskiy Putinni Donetsk viloyatini egallash bo'yicha muddatlarni ortga surishda ayblab, “Bu yil ham uni qo'lga kirita olmaysiz. Ammo biz Ukrainada abadiy urushni xohlamaymiz”, — dedi. U Ukraina mustaqilligini saqlab qolganini va qo'llab-quvvatlov olayotganini, Rossiya esa sanksiyalarga duch kelayotganini ta'kidladi.

“Dunyo Ukrainadan charchagani yo'q, balki Rossiyadan charchoq tobora ortib bormoqda. Tanlov endi o'z qo'lingizda. Urush yetar. Ukraina ushbu urushga chek qo'yishni taklif qilmoqda”, — deyiladi xatda. Zelenskiy AQSh butunlay Eron masalasiga e'tibor qaratganini va Yevropadagi urushni kutib o'tirish noto'g'ri ekanini aytdi.

U Putinni neytral mamlakatlardan birida yuzma-yuz muzokaralar o'tkazishga chaqirdi, biroq Moskvada uchrashish taklifini rad etdi. “Shveysariya, Turkiya, arab dunyosi mamlakatlari — juda ko'pchilik bu uchrashuvga mezbonlik qilishni xohlaydi va bunga qodir”, — dedi u. Zelenskiy Yevropa va AQSh muzokaralar jarayonining bir qismi bo'lishi kerak, o't ochish esa hozirgi front chizig'i bo'ylab to'xtatilishi lozimligini ta'kidladi.

Zelenskiy Ukraina harbiy asirlarni “hammani hammaga” tamoyili asosida almashishga tayyorligini bildirdi. “Agar siz shaxsan ushbu urushni tugatish vaqti keldi degan xulosaga kelmasangiz, Ukraina o'z mavjudligi uchun kurashishda davom etadi. Bizni qo'llab-quvvatlaydiganlar topiladi”, — dedi u.

Kreml vakili Dmitriy Peskov Vladimir Putin xat bilan tanishganini ma'lum qildi, ammo munosabatini oshkor qilmadi. Shu kuni Putin Sankt Peterburgda xalqaro iqtisodiy forum doirasida xorijlik jurnalistlar bilan uchrashdi. Associated Press jurnalistining savoliga javoban Putin “Rossiya qo'shinlari butun jangovar to'qnashuv chizig'i bo'ylab oldinga siljimoqda” va Ukraina “shaxsiy tarkibning halokatli darajadagi taqchilligini” boshdan kechirmoqda, deb da'vo qildi.

Putin Rossiya Ukraina bilan tinchlik yo'li orqali kelishib olishga tayyor ekanini, ammo Ukraina tomoni Ankoridjda taklif qilingan kompromisslarga rozi bo'lishi kerakligini aytdi. “Shunda nizo tez fursatda o'zining tabiiy yakuniga yetadi”, — dedi Rossiya prezidenti.

Source: www.gazeta.uz