Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi yalpi majlisida nutq so'zlar ekan, Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishdan “hozircha ma’no ko‘rmayotganini” ma’lum qildi. Bu avvalroq Zelenskiyning yo‘llagan, urushni tugatishni va neytral hududda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgan xatiga javob bo‘ldi.

Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov unga xatni ko‘rsatganini, ammo O‘zbekiston prezidenti bilan ishchi uchrashuvda bo‘lgani sababli darhol ko‘rishga vaqt topolmaganini aytdi. Ertalab xatni o‘qib chiqib, bir nechta jihatlarga e’tibor qaratganini bildirdi.

“Xat muallifi Anqarada erishilgan kelishuvlarga amal qilish shart emasligini va Rossiya-Ukraina kelishuvlari uchun kafillarni Yevropadan izlash kerakligini ta’kidlagan. Nima uchun AQSh ma’muriyati va prezident Tramp kafil sifatida ko‘rilmayapti, bu savol tug‘diradi”, dedi Putin.

Putin Ukrainani Lugansk viloyatidagi Starobelsk pedagogika kolleji yotoqxonasini o‘qqa tutishda aybladi. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 22-mayga o‘tar kechasi zarba oqibatida 63 kishi jabrlangan, 21 nafari halok bo‘lgan. Ukraina esa fuqarolik obyektlariga emas, harbiy nishonlarga hujum qilganini bildirgan.

“Ukraina qo‘shinlari kollej yotoqxonasiga dahshatli terrorchilik zarbasini berdi, u yerda bolalar, o‘smirlar halok bo‘ldi. Bu mudhish jinoyat”, dedi Putin. U xatda “qo‘pollik unsurlari” borligini va bu uchrashuvni imkonsiz qilishga urinish ekanligini ta’kidladi.

Moderatorning “Bu ‘yo‘q’ degani” degan izohiga Putin “Hozircha ma’no ko‘rmayapman” deb javob qaytardi.

Source: www.gazeta.uz