Yakshanba kuni Rim papasi Leo XIV Ispaniyaning Madrid shahriga tashrif buyurdi. Pontifik besh kunlik safar davomida muhojir va uysizlar kabi zaif qatlam vakillari bilan uchrashib, “chin insoniy qadriyatlar”ni targ‘ib qilmoqda.
Vatikan va mahalliy tashkilotchilar ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni Madrid markaziy ko‘chalariga 1,2 milliondan ortiq odam to‘plangan. Ular Rim papasini ko‘rish umidida edi.
Katolik cherkovi rahbari “popemobil”da Ispaniya poytaxtining asosiy ko‘chasi — Paseo de la Kastelana bo‘ylab, “Real Madrid” muxlislari g‘alabalarni nishonlaydigan Plaza de Sibelasgacha yo‘l oldi. Olomon gul barglarini sochib, bayroqlarni hilpiratib, “Yashasin Papa!” deb qichqirdi.
70 yoshli amerikalik pontifik ochiq havoda o‘qigan va’zida: “Bu ko‘rgazma, folklor qoldig‘i yoki go‘zallik namoyishi emas. Bu tirilgan Rabbiyning huzurida e’tiqod izhoridir”, dedi. U Xudo “kambag‘allar, mazlumlar, yolg‘iz va tashlandiq odamlar bilan birga” ekanini ta’kidlab, ispan katoliklarini o‘rnak bo‘lishga chaqirdi.
Shanba kuni Rim papasini Ispaniya qiroli Felipe VI va qirolicha Leticia kutib olgan, Madrid meri Xose Luis Martines-Almeida esa unga shahar kalitini topshirgan. Leo mehmonlar kitobiga “Madrid ochiq va inklyuziv shahar bo‘lib qolsin, ijtimoiy hayot chin insoniy qadriyatlar bilan ilhomlansin”, deb yozgan.
Shundan so‘ng u muhojir va uysizlar bilan uchrashib, 600 mingga yaqin yosh katolik bilan ibodat o‘qigan. Perulik 72 yoshli Andrea Margarita: “U biz muhojirlar va xavfsizligimiz uchun ibodat qilayotganidan xursandman”, desa, andalusiyalik 46 yoshli Laura Peralta: “Bu yaxshi ta’limotlar, biz unga ishonamizmi yoki yo‘qmi”, degan.
Rim papasi 12-iyungacha Ispaniyada qoladi. U Barselona va Kanar orollariga ham boradi. U yerda G‘arbiy Afrikadan o‘tib kelgan muhojirlar bilan uchrashishi kutilmoqda. Leo tashrifi dunyoga “har bir inson”ni hurmat qilish namunasi bo‘lishini umid qilgan.
Ispaniya katoliklikning an’anaviy qal’asi bo‘lsa-da, bugun aholining atigi 53 foizi o‘zini katolik deb biladi — 15 yil oldingidan 20 foiz kam. Faqat 16 foiz ispanlar amaldagi katolik hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, Plaza de Sibelasdagi olomon “Real Madrid”ning 2024 yilgi Chempionlar ligasi g‘alabasini nishonlaganlardan ikki barobar ko‘p edi.
Source: www.dw.com