Yevropa mudofaa hamkorligiga katta zarba beruvchi qaror qabul qilindi: Fransiya va Germaniya birgalikda ishlab chiqarishi rejalashtirilgan yangi avlod qiruvchi samolyoti loyihasi (FCAS) to'xtatildi.
Germaniya kansleri Fridrix Merts va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o'tgan hafta kelishib oldilar – ishlab chiqaruvchi kompaniyalar Dassault va Airbus o'rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etib bo'lmadi. Bu haqda rasmiylar dushanba kuni ma'lum qildi.
2017-yilda boshlangan FCAS dasturi 2040-yilga borib Yevropaning Eurofighter va Rafale samolyotlarini almashtirishi kerak edi. Loyiha qiymati 100 milliard yevrodan (115 milliard dollar) oshgan.
Fransiyaning Dassault kompaniyasi loyiha ustidan ko'proq nazorat talab qilgan, Airbus esa bunga qarshilik ko'rsatgan. Tomonlar intellektual mulk huquqi va samolyotga qo'yiladigan talablar bo'yicha ham kelisha olmagan.
Yevropani qayta qurollantirish masalasi ayniqsa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin dolzarb bo'lgan. Loyihaning barbod bo'lishi Yevropa xavfsizligiga jiddiy zarba ekani aytilmoqda.
Germaniya va Fransiya endi samolyotlar, dronlar va sensorlarni bog'laydigan Combat Cloud loyihasiga e'tibor qaratmoqchi. Iyul o'rtalarida mudofaa rasmiylari kichikroq hamkorlik loyihalarini muhokama qilish uchun yig'iladi.
Source: www.dw.com