Gazeta va Dmitriy Povarov futbol bo‘yicha JCH-2026 ishtirokchilarini tanishtirishni “K” guruhi bilan yakunlamoqda. Bu guruhda O‘zbekiston terma jamoasi raqiblari o‘ynaydi. Portugaliyaliklar yana Ronaldu masalasida bosh qotiradi, kolumbiyaliklar o‘zining hujumkor kuchiga tayanadi, Kongo DR terma jamoasi esa uchinchi turda jamoamizdan pley-offga chiqish imkoniyatini tortib olishga urinib ko‘rishadi.
Kolumbiya terma jamoasi yettinchi marta jahon chempionatiga yo‘l olmoqda. Eng yaxshi natijasini 2014-yilda Braziliyada qayd etgan (chorak final). Qatardagi mundialga chiqa olmagan bo‘lsa-da, JCH-2026 saralashida braziliyaliklarni mag‘lub etib (2:1), boliviyaliklarni tor-mor qilib (3:0), Janubiy Amerika saralash guruhida uchinchi o‘rinni egalladi. FIFA reytingida 13-o‘rinda.
Portugaliya terma jamoasi jahon chempionatining yakuniy bosqichiga to‘qqizinchi marta, 2002-yildan beri ketma-ket oltinchi marta yo‘l olmoqda. Eng katta yutug‘i – 1966-yilda Angliyada uchinchi o‘rin. Saralashda Irlandiyaga (0-2) yutqazgan bo‘lsa-da, so‘nggi turda Armanistonni 9-1 hisobida mag‘lub etdi. FIFA reytingida 5-o‘rinda.
Kongo DR terma jamoasi jahon chempionatlarida 1974-yilda debyut qilgan (Zair nomi bilan). Joriy Afrika saralashida Kamerun (1-0), Nigeriya (penaltilar) va Yamayka (1-0) ustidan g‘alaba qozonib yo‘llanma oldi. FIFA reytingida 46-o‘rinda.
Opta kompyuteri bashoratlariga ko‘ra, Kolumbiya guruhdan chiqishi shart, biroq startdanoq bor kuchini ishga solishi kerak. Portugaliya guruhning yaqqol favoriti va chorak finalgacha yetib borishi mumkin. Kongo DR bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi uchinchi tur o‘yini hal qiluvchi bo‘lishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz