Tailand qiroli Maha Vajiralongkornning katta qizi, malika Bajrakitiyabha 47 yoshida uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng vafot etdi. Bu haqda qirollik saroyi rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Malika 2022-yil dekabrida Nakhon Ratchasima provinsiyasiga qilgan tashrifi chog‘ida yurak xastaligi tufayli hushini yo‘qotgan edi. U vertolyotda poytaxt Bangkokdagi kasalxonaga yetkazilgan va shundan beri komada yotgan edi.
Saroy bayonotiga ko‘ra, malika qorin bo‘shlig‘i infeksiyasidan aziyat chekkan va uning ahvoli tobora yomonlashgan. U payshanba kuni kechqurun tinchgina vafot etgan.
Princess Bha nomi bilan tanilgan Bajrakitiyabha qirolning birinchi xotini malika Soamsawalidan bo‘lgan yagona farzandi edi. U 1978-yil 7-dekabrda, Vajiralongkorn hali valiahd shahzoda bo‘lgan paytda tug‘ilgan.
Malika Tailandning jamoat hayotida faol ishtirok etgan, prokuror va diplomat sifatida xizmat qilgan. U AQShning Kornell universitetida huquq bo‘yicha magistr darajasini olgan.
Bajrakitiyabha ayollar huquqlari va qamoqdagi ayollarning reabilitatsiyasi bilan bog‘liq islohotlar bilan shug‘ullangan. Shuningdek, u Birlashgan Millatlar Tashkilotining ayollar va giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha faxriy elchisi etib tayinlangan edi.
2012-2014-yillarda u Tailandning Avstriyadagi elchisi lavozimida ishlagan.
Source: www.dw.com