Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh Davlat departamenti biznes yoki turistik vizalar uchun suhbatdan tezlashtirilgan tartibda o‘tish bo‘yicha pilot dasturni ishga tushiradi, deb xabar bermoqda Associated Press.

Xizmat narxi 185 dollarlik standart konsullik yig‘imidan tashqari qo‘shimcha 750 dollarni tashkil etadi. To‘lov amalga oshirilgach, ariza topshiruvchi 10 kun ichida suhbatdan o‘tishi mumkin bo‘ladi.

Pilot dastur AQShning ayrim elchixona va konsulliklarida 1-iyuldan 31-dekabrgacha amal qiladi hamda talabdan kelib chiqib, uzaytirilishi mumkin. Ushbu diplomatik vakolatxonalar ro‘yxati dastur kuchga kirgunga qadar e’lon qilinadi.

Vizasiz kirish dasturiga a’zo bo‘lmagan mamlakatlar fuqarolari uchun viza suhbatini kutish muddati bir necha oy yoki undan ham ko‘proqni tashkil qilishi mumkin. Shu bilan birga, “qo‘shimcha premium xizmat” uchun to‘lov amalga oshirilishi viza berilishini kafolatlamaydi, deb yozadi Associated Press.

Agentlikning qayd etishicha, AQSh rasmiylari ushbu dastur orqali Donald Trampning Qo‘shma Shtatlarga kirish tartibini qat’iylashtirishga qaratilgan siyosati oqibatlarini yumshatishga harakat qilmoqda. Masalan, hozirgi vaqtda ba’zi mamlakatlarda, asosan Afrika davlatlarida viza rasmiylashtirishda ariza beruvchilardan 15 ming dollargacha garov puli talab qilinmoqda, shuningdek, ularning ko‘p yillik shaxsiy tarixi, jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari tekshirilmoqda.

Bunday talablar butun dunyo bo‘ylab vizalarni ko‘rib chiqish jarayonining kechikishiga olib kelgan va ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

Source: www.gazeta.uz