O‘zbekiston milliy terma jamoasining 28-iyun kuni Atlanta shahrida bo‘lib o‘tadigan Kongoga qarshi o‘yini oldidan bosh murabbiy Fabio Kannavaro va jamoa sardori Eldor Shomurodov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Jamoa sardori Eldor Shomurodov ertangi o‘yinda g‘alaba uchun ko‘proq gol urish muhimligini, ammo himoyani unutmaslik kerakligini ta’kidladi: "Biz uchun eng muhimi – g‘alaba. Shuning uchun ko‘proq gol urib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Intizomli o‘yin qilib, chiroyli g‘alaba qozonmoqchimiz".
Shomurodov muxlislarning qo‘llab-quvvatlovi haqida gapirar ekan, ularni 12-o‘yinchi deb atadi: "Biz nafaqat maydonga kelgan muxlislarni, balki butun O‘zbekistonning qo‘llab-quvvatlashini his qilib turibmiz. Ularga rahmat aytamiz va qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini so‘raymiz".
Bosh murabbiy Fabio Kannavaro Kongo terma jamoasini kuchli va tajribali raqib deb baholadi: "Kongo kuchli, tajribali va jismoniy jihatdan juda baquvvat jamoa. Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi o‘yinlardan ko‘ra, aynan shu o‘yindan ko‘proq xavotirda edim. Ertaga boshqacharoq o‘yin kutyapman".
Kannavaro futbolchilarning ruhiy holati haqida gapirar ekan, asosiysi maydonda bor kuchini ishga solish ekanligini ta’kidladi: "Men uchun eng muhimi – ularning maydonda bor kuchini ishga solishi. Agar ular borini berib o‘ynashsa, natija ham yaxshi bo‘lishi mumkin".
Shomurodov Portugaliyaga qarshi o‘yinda hujumdan ko‘ra maydon markazida ko‘proq o‘ynagani haqida izoh berdi: "Bu ko‘proq o‘yinning qanday ketishiga bog‘liq. Kuchli raqibga qarshi himoyalanishga to‘g‘ri keladi. Ertangi o‘yinda ko‘proq to‘p nazoratini qo‘lga kiritishga harakat qilamiz".
Kannavaro ikki o‘yinda ikki xil darvozabonni maydonga tushirgani haqida: "Bizda uch nafar yaxshi darvozabon bor. Fursat tug‘ilishi bilan ularga o‘ynash imkonini berishimiz kerak. Ular xato qilishlari mumkin, chunki faqat xatolar orqali yuksalib boramiz".
Bosh murabbiy O‘zbekiston futbolining rivojlanishi haqida fikr bildirar ekan, bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun Osiyo futboliga tegishli ekanligini aytdi: "Biz O‘zbekistonga nimadirni o‘zgartirish uchun emas, balki yaxshilashga yordam berish uchun kelamiz. Maqsadim – o‘zbek futbolining an’analarini yo‘qqa chiqarish emas".
O‘yin 28-iyun kuni Atlanta shahridagi Mercedes-Benz Stadium stadionida, Toshkent vaqti bilan 04:30 da boshlanadi.
Source: www.gazeta.uz