G‘azo shahridagi al-Shifa kasalxonasida yetti yoshli Hala Lubbad og‘ir jarohatlar bilan yotibdi. U 2-iyun kuni Isroil hujumi natijasida ota-onasi va ikki ukasini yo‘qotgan.
Hala ammasi Haneen Lubbadning so‘zlariga ko‘ra, hujum kechasi sodir bo‘lgan. “Hala 16 yoshli ukasi Muhammad bilan birga tirik qoldi. Qolganlari halok bo‘ldi”, deydi Haneen ko‘z yoshlari bilan.
Hala kuyish jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan va hali ota-onasining o‘limidan xabarsiz. Shifokorlar unga haqiqatni asta-sekin aytishni maslahat berishgan, chunki birdaniga aytilsa, ruhiy tushkunlikka tushishi mumkin.
“U har kuni ularni so‘raydi, doim yig‘laydi. ‘Onamni, otamni istayman, ular bilan gaplashmoqchiman’, deydi”, deya qo‘shimcha qiladi Haneen.
Hala bir necha jarrohlik amaliyotidan o‘tgan, ammo shifokorlar uning ahvoli yomonlashmasligi uchun zudlik bilan xorijda davolanishi kerakligini aytmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil oktabrdan beri G‘azoda 17 ming bola ota-onasidan ayrilgan yoki ajralgan. UNICEF esa kamida 21 289 bolaning halok bo‘lganini, 44 500 nafari yaralanganini xabar qilmoqda.
“Sulh” e’lon qilinganidan keyin ham Isroil hujumlari davom etmoqda. Faqat sulhning dastlabki uch oyida kamida 100 bola halok bo‘lgan.
Ikki oylik Muhammad al-Xatib ham jarohatlangan bolalardan biri. Uning onasi 25-may kuni Isroil hujumida emizayotgan vaqtida halok bo‘lgan. Muhammadning chap oyog‘i amputatsiya qilingan va qo‘li ham xavf ostida.
Otasi Ahmad al-Xatib: “Bu bola onasiz, oyog‘siz va qo‘lsiz o‘sadi. Uning hayotidan nima qoladi?” deya so‘raydi.
Shifokorlar jarohatlangan bolalarni zudlik bilan davolash uchun xorijga jo‘natish zarurligini ta’kidlamoqda, aks holda ularning tuzalish imkoniyati yo‘qoladi.
Source: www.aljazeera.com