Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Suriyaning Idlib viloyatida o‘zbekistonlik bir jangari o‘ldirilgan. Mahalliy manbalarga ko‘ra, hodisa Al-Fua tumanida sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxslar o‘zbekistonlikning mashinasini o‘qqa tutgan va u voqea joyida halok bo‘lgan.

Hozirda ushbu fakt bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, marhum “Hayat Tahrir ash-Sham” (HTSh) guruhining bir qismi bo‘lgan “Qizil otryadlar” tarkibiga kirgan.

2024-yil noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar, asosan HTSh jangarilari, Suriya shimolida keng ko‘lamli hujum boshlagan edi. Ular Idlib viloyati, Aleppo shahri, shuningdek, Hama va Xoms viloyatlarining bir qismini nazoratga olib, keyin poytaxt Damashqqa kirgan. Prezident Bashar Asad oilasi bilan Rossiyaga qochgan. 2025-yilga kelib, “Hayat Tahrir ash-Sham” yetakchisi Ahmad ash-Sharaa (Abu Muhammad al-Julani) Suriyaning muvaqqat prezidenti deb e’lon qilingan.

O‘sha yili Suriya xavfsizlik kuchlari Idlib shahrida chet elliklar, jumladan o‘zbekistonlik jangarilarga qarshi bir qator reydlar o‘tkazgan. Xususan, 2025-yil iyun oyida Suriya xavfsizlik xizmati Abu Dujan al-Uzbeki taxallusi bilan tanilgan harbiy instruktor Ayubni hibsga olib, noma’lum tomonga olib ketgan. Avgust oyi oxirida Al-Qusur tumanida o‘tkazilgan reydda yana bir O‘zbekiston fuqarosi – Islom al-Uzbeki qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, 2025-yil 3-sentabrda Suriya xavfsizlik kuchlari Idlibning g‘arbidagi Haram tumanida IShID hujayrasini yo‘q qilgan. Hibsga olinganlar orasida Iroq va O‘zbekiston fuqarolari ham bo‘lgan.

Source: podrobno.uz