Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Xitoy bilan aloqalarni mustahkamlashni davom ettirishga va'da berdi va Xitoy rahbari Si Tszinpin bilan yaqinda bo'lib o'tgan sammitni munosabatlarni rivojlantirishda "tarixiy voqea" deb atadi.
Kim Chen In Xitoy Kommunistik partiyasining 105 yilligi munosabati bilan Si Tszinpinga yo'llagan tabrik maktubida, Pxenyanning Pekin bilan aloqalarni bosqichma-bosqich rivojlantirish tarafdori ekanini bildirdi. Bu haqda davlatga qarashli Koreya Markaziy Axborot Agentligi (KCNA) xabar berdi.
"Yaqinda bo'lib o'tgan Pxenyan sammiti o'rtamizdagi do'stlik va ishonchni chuqurlashtirgan tarixiy voqea bo'ldi", dedi Kim Chen In. U ikki rahbar ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish bo'yicha "o'zgarmas irodasini" yana bir bor tasdiqlaganini qo'shimcha qildi.
Si Tszinpinning 8-9 iyun kunlari Pxenyanga tashrifi uning Shimoliy Koreyaga deyarli yetti yil ichidagi ilk safari bo'ldi. Tashrif davomida ikki rahbar "eng kuchli va strategik munosabatlar"ni mustahkamlash bo'yicha "uzoq muddatli reja"ni qabul qildi.
Xitoy Shimoliy Koreyaning eng yirik iqtisodiy hamkori bo'lib qolmoqda. Janubiy Koreya Iqtisodiyot va Moliya Vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, 2024 yilda Xitoy Shimoliy Koreya tashqi savdosining deyarli 98 foizini tashkil qilgan.
Shu bilan birga, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiha Seulda janubiy koreyalik hamkasbi Cho Txe Yol bilan uchrashib, ikki tomonlama munosabatlar va Ukrainada asirga olingan shimoliy koreyalik harbiylar taqdirini muhokama qildi. Ikki shimoliy koreyalik askar Janubiy Koreyaga qochib o'tish istagini bildirgan.
Source: www.aljazeera.com