Ispaniyada jazirama issiq oqibatida kamida 1028 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Mamlakat 2026 yilning birinchi yarmida eng issiq davrni boshdan kechirdi.
Ispaniya Sog‘liqni saqlash instituti (Carlos III) hisobotiga ko‘ra, o‘tgan oyda issiq bilan bog‘liq o‘limlar soni 1028 nafarni tashkil etdi. Bu 2025 yil iyunidagi 407 o‘limdan ikki baravar ko‘p va 2015 yildan beri iyun oyidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Jazirama issiqning eng yuqori nuqtasida, 23 iyun kuni, taxminan 35,7 million kishi (mamlakat aholisining 73 foizi) salomatlik uchun xavf ostida qoldi.
Ispaniya milliy ob-havo agentligi Aemet ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oy mamlakat tarixidagi ikkinchi eng issiq iyun bo‘ldi, harorat me’yordan 3,2 daraja Selsiyga yuqori bo‘lgan. 2026 yilning birinchi yarmi esa butun Ispaniya bo‘yicha rekord darajada issiq o‘tdi, harorat me’yordan 1,6 darajaga oshgan.
Yevropaning katta qismini qamrab olgan jazirama issiq qit’a tarixidagi eng og‘ir issiq to‘lqini sifatida qayd etildi. Fransiya, Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlarida harorat 40 darajadan oshib, rekordlarni yangiladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bu issiq to‘lqinini Yevropa bo‘ylab 1300 dan ortiq qo‘shimcha o‘limga sabab bo‘lgan deb hisoblamoqda va bu raqam ortishi mumkin.
Meteorologlarning fikricha, issiq to‘lqini Sahroi Kabirdan shimolga ko‘chayotgan issiq havo massasi va “Afrika antisikloni” deb nomlanuvchi kuchli yuqori bosim tizimi tufayli yuzaga kelgan. Bu tizim “issiq gumbazi”ni hosil qilib, G‘arbiy va Markaziy Yevropa ustida issiq havoni ushlab qoladi.
Mutaxassislar inson faoliyati natijasidagi iqlim o‘zgarishi haroratni yanada kuchaytirib, bu yilgi rekord issiqni 4 darajagacha issiqroq qilganini ta’kidlamoqda.
Source: www.dw.com