Texas shtatining Fort-Uort shahridagi federal sud 2025-yil 4-iyul kuni Prairieland hibsxonasi oldida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishi bilan bog‘liq yana yetti nafar ayblanuvchiga hukm o‘qidi. Ushbu namoyish politsiya xodimining otib yaralanishi bilan yakunlangan edi.
Sudya Rid O‘Konnor tomonidan e’lon qilingan hukmga ko‘ra, olti nafar ayblanuvchi “terrorizmga moddiy yordam ko‘rsatganlik”da aybini tan olib, ikki yildan 15 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi. Ettinchi ayblanuvchi Ines Soto esa “terroristlarga moddiy yordam ko‘rsatish”, tartibsizliklar va portlovchi moddalarni tashishda fitna uyushtirishda ayblanib, 50 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Namoyish 2025-yilning 4-iyul kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan. Faollar Prezident Donald Trampning ommaviy deportatsiya siyosatiga qarshi chiqish uchun Prairieland hibsxonasi oldiga to‘planishgan. Ba’zilar feyerverk otgan, boshqalar esa vandalizmda ayblangan.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, namoyish paytida sobiq dengiz piyodalari zaxirachisi Benjamin Song hibsxonaga yetib kelgan politsiya xodimini otib yaralagan. Song otishma oldidan “Miltiqlarni oling!” deb baqirgani aytiladi.
Tramp ma’muriyati norozilik namoyishini “terrorizm” akti deb atadi va 19 kishi hibsga olindi. Ayrim hibsga olinganlar Prairieland namoyishida qatnashmagan bo‘lsa-da, ma’muriyat ularni “antifa hujayrasi” deb atadi. AQSh Adliya vazirligi qurol, birinchi yordam to‘plamlari va zirhli jiletlarni namoyishga olib kelishni yomon niyat belgisi deb baholadi.
Fuqarolik erkinliklari himoyachilari bu ish butun mamlakat bo‘ylab namoyishchilar uchun keng qamrovli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Advokatlar ayblanuvchilarning antifa bilan aloqasini rad etib, qurol olib yurish faqat o‘zini himoya qilish uchun ekanligini va bu Konstitutsiyaning Ikkinchi tuzatishiga muvofiq ekanligini aytishdi.
Avvalroq, 23-iyun kuni sudda ishni ko‘rib chiqishni tanlagan sakkiz nafar ayblanuvchi uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilingan edi. Jumladan, Song 100 yillik qamoq jazosiga, qolganlari esa 30 yildan 70 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi. Bir qancha ayblanuvchilar, jumladan Song va Sanches Estrada apellyatsiya bergan.
Source: www.aljazeera.com