Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Angliya va Kongo DR o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin keladigan eng oddiy xulosa — ushbu bahsni kongoliklarning O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘yini bilan solishtirish istagidir. Ko‘rganlarimizdan taskin topish mumkin: O‘zbekiston shunchaki raqibdan ko‘ra ko‘proq yuguradigan kambag‘al afrikacha jamoaga emas, balki o‘z kuchiga ishongan, tartibli va yaxshi shakllangan terma jamoaga imkoniyatni boy bergan ekan.

O‘tgan chorshanba kuni Atlantada kechgan uchrashuv hech kim tavakkal qilib oldinga tashlanmaydigan, ehtiyotkor va pozitsion futbol namunasi bo‘lishi kutilgandi, biroq amalda hammasi boshqacha tus oldi. Fransuz mutaxassisi Sebastyan Dezabr Kongo jamoasiga uyushqoqlik, muvozanat va kam sonli vaziyatlardan ham maksimal natija chiqarish (buni, afsuski, o‘z tanamizda yaxshi his qildik) qobiliyatini singdira olgan. Ehtimol, bu yerda OAVda ko‘p chaynalgan afrikacha sehr-joduning ham ta’siri bo‘lgandir, ammo bu haqda sal keyinroq.

O‘yin ancha sust boshlandi, inglizlar maydonda xotirjam harakat qilib, to‘p nazorati bo‘yicha foiz ko‘rsatkichlarini oshirish bilan band bo‘lishdi. Ammo ko‘p o‘tmay Kongo DR futbolchilari diqqat markaziga chiqishdi. Oldingi uchrashuvda o‘zbekistonlik futbolchilarning holatini tang qilgan tirishqoq Brayen Sipenga chap qanotda Shansel Mbembaning uzatmasidan so‘ng chiroyli kombinatsiyani gol bilan yakunladi. Inglizlardan hech kim darvozabon Jordan Pikford to‘pni qaytarish o‘rniga unga umuman teginmay, o‘tkazib yuborishiga ishonmagandi — 0:1.

O‘tkazib yuborilgan goldan keyin Tomas Tuxel shogirdlari vaqti-vaqti bilan mo‘’jizalar ko‘rsatayotgan kongolik posbon Lionel Mpasi-Nzau darvozasini qamal qilib olishdi. Uning birinchi bo‘limdagi ikkita seyvini bemalol reklama roliklari uchun lavha sifatida ishlatsa bo‘ladi: Fransiyaning “Gavr” klubi zaxira darvozaboni dastlab Djud Bellingemning ikkita, keyin esa Harri Keynning bitta xavfli zarbasini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Bu vaqtda telekameralar tribunalardan go‘yoki o‘z jamoasi darvozasini “o‘qib qo‘ygan” mashhur kongolik sehrgarlarni tinimsiz qidirardi.

Inglizlarning asablari dosh bermayotganining belgisi Bellingemga ko‘rsatilgan sariq kartochka bo‘lsa, kongoliklarning qaysarligi ramzi Yoan Vissa bo‘ldi — u to‘pga bosh bilan yetib borish uchun maydonga baliqdek otildi. Tanaffus oldidan “leopardlar” “sherlar”ni ikkinchi bor tishlab olishlari mumkin edi. Ammo bu zarba halokatli bo‘lmadi. Aaron Van-Bissakaning uzatmasidan so‘ng o‘sha Vissaning gol urmasligi jismonan imkonsizdek tuyulgandi, biroq u Pikforddan xoli qolgan ochiq darvozaga emas, balki ustunga zarba yo‘lladi.

Birinchi bo‘limning eng bahsli va diqqatga sazovor voqeasi esa bundan sal avvalroq sodir bo‘lgandi. Deklan Rays oldinga intilayotgan Keynni ko‘rib, to‘pni ajoyib tarzda havolatib uzatdi. Hujumchi Aksel Tuanzebeni ortda qoldirdi va Mpasi-Nzau bilan to‘qnashuvdan so‘ng jarima maydonchasi ichida yiqildi. Iordaniyalik referi Adham Mahadme hech ikkilanmay ingliz forvardiga simulyatsiya ishlatgani uchun jazo qo‘lladi. VAR vaziyatga aralashishga urindi, biroq hakam kompyuter bilan bahsda kutilmagan qat’iyat ko‘rsatdi.

Tanaffus Tuxel jamoasining harakatlariga yangicha g‘oyalar olib kirdi deb bo‘lmaydi. Hatto mag‘lub bo‘layotib ham ular an’anaviy britancha uslubda to‘pni jarima maydonchasiga havolatib uzatish bilan shug‘ullanishda davom etishdi. Bunday vaziyatda Angliyani faqat Keyn qutqarishi mumkin edi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida maydonga yangi tushgan Entoni Gordonning uzatmasidan so‘ng Keyn bosh bilan darvoza burchagini aniq nishonga oldi. Mpasi to‘pga yetib bordi, ammo uni ushlab qola olmadi — 1:1.

Kongoliklar deyarli 75 daqiqa davomida 1/8 finalda edilar, ammo Keyn dunyoning eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida bejiz peshqadamlik qilmayotganini isbotladi. Bir yo‘la bir nechta raqib qurshovida qolgan hujumchi to‘pni qabul qilib, o‘ziga qulay vaziyat topdi va kuchli zarba bilan to‘pni darvoza to‘sini ostiga joylab qo‘ydi — 2:1. “Bavariya” hujumchisining musobaqadagi beshinchi goli vatanidagi xavotir va tanqidlarni ijobiy kayfiyatga burdi hamda Angliya terma jamoasini 1/8 finalga olib chiqdi. Ularni 5-iyul kuni Meksikaga qarshi bahs kutmoqda.

Source: www.gazeta.uz