Tailandiyaning shimoliy-sharqidagi Mukdahan provinsiyasida 11 yoshli bola ota-onasining pikap mashinasini haydab, buddist rohiblar guruhiga borib urilgan. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, voqea payshanba kuni rohiblarning ziyorat safari chog‘ida sodir bo‘lgan.
Mukdahan gubernatori Waorrayan Boonaratning aytishicha, besh kishi voqea joyida, yana uchtasi kasalxonada vafot etgan. Jami 14 kishi yaralanib, shifoxonaga yotqizilgan. Halok bo‘lganlarning barchasi rohiblar ekani taxmin qilinmoqda.
Mahalliy politsiya bolani hibsga olgan va voqea sabablari tekshirilmoqda. Rohiblarning guvohlik berishicha, pikap avval muvozanatni yo‘qotgan, so‘ng yo‘ldan chiqib, guruhga urilgan.
Voqea vaqtida 35 nafar rohib va besh nafar oddiy izdoshlar poytaxt Bangkokdan 600 km shimoliy-sharqda joylashgan Mukdahan provinsiyasida piyoda ziyorat qilishayotgan edi. Bu hudud Tailandning eng qashshoq mintaqasi Isanda joylashgan.
Mukdahan provinsiyasi 350 ming aholiga ega bo‘lib, mamlakatning eng kichik va kam aholili hududlaridan biri hisoblanadi. Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha Tailand so‘nggi yillarda yaxshilangan bo‘lsa-da, dunyodagi eng xavfli yo‘llardan biri bo‘lib qolmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma'lumotlariga ko‘ra, Tailand yo‘l-transport hodisalari oqibatida o‘lim bo‘yicha 175 davlat orasida 9-o‘rinda turadi. 2021-yilda JSST 18 200 dan ortiq o‘limni qayd etgan, bu kuniga o‘rtacha 50 kishini tashkil qiladi.
Tailand hukumati 2024-yilgi statistikasiga ko‘ra, har 100 000 kishidan deyarli 20 nafari yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘lgan. Bu bir necha yil oldingi ko‘rsatkichlardan sezilarli yaxshilanish bo‘lsa-da, Germaniyadagi 3 kishidan olti baravar ko‘pdir.
May oyida Bangkokdagi temir yo‘l kesishmasida sodir bo‘lgan to‘qnashuvda kamida sakkiz kishi halok bo‘lgan edi.
Source: www.dw.com