Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2-iyulga o‘tar kechasi Rossiya Kiyevga havodan yoppasiga zarbalar yo‘lladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida Ukraina poytaxtida 17 kishi halok bo‘ldi, 90 dan ortiq kishi jarohatlandi.

Ukraina Havo kuchlari hisobotiga ko‘ra, Rossiya tun davomida Ukraina bo‘ylab 74 ta raketa va 496 ta uchuvchisiz uchish apparatini uchirgan. Havo hujumidan mudofaa tizimlari 524 ta nishonni — 48 ta raketa va 476 ta dronni urib tushirgan yoki zararsizlantirgan.

“Ushbu hujumning o‘ziga xos xususiyati — turli toifadagi havo hujumi vositalarining turli yo‘nalishlardan bir vaqtda qo‘llangani, shuningdek, katta miqdordagi ballistik raketalar va reaktiv dronlardan foydalanilgani bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy shahardagi 20 dan ortiq obyekt shikastlanganini ma’lum qildi. Ularning “aksariyati — oddiy turar joy binolari”, shuningdek, tez tibbiy yordam stansiyasi, ilmiy institut, mehmonxona va boshqa korxonalardir.

“Bu Kiyev uchun dahshatli tun bo‘ldi”, — deb ma’lum qildi Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichko. Uning so‘zlariga ko‘ra, vayronagarchiliklar shaharning barcha tumanlarida qayd etilgan. “Eng katta shikastlanish Darnitsa tumanidagi turar joy binosida kuzatildi. Binoning bir qismi tom ma’noda yo‘q bo‘lib ketgan”, — deb yozdi u.

3-iyul Kiyevda motam kuni deb elon qilindi.

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina bo‘ylab “yuqori aniqlikdagi qurollardan yoppasiga zarba” berilganini tasdiqladi va buni “Kiyev rejimining Rossiya hududidagi fuqarolik infratuzilmasiga uyushtirgan terroristik hujumlariga javob” deb atadi. Vazirlik bayonotida ta’kidlanishicha, zarbalar “Kiyev shahri va Kiyev viloyatidagi harbiy sanoat korxonalari hamda yonilg‘i-energetika majmuasi obyektlariga, shuningdek, Dnepropetrovsk, Poltava, Cherkassi, Chernigov va Kiyev viloyatlaridagi harbiy aerodromlar infratuzilmasiga” berilgan.

Bundan avvalgi Kiyevga yo‘llangan yirik zarbani Rossiya armiyasi 15-iyunga o‘tar kechasi amalga oshirgandi. O‘shanda Ukraina poytaxtida besh kishi halok bo‘lgan, yana 35 kishi jarohat olgandi. Shuningdek, dronlar Kiyevo-Pechersk lavrasiga ham shikast yetkazgan — u yerdagi Uspenskiy sobori tomida yong‘in kelib chiqqandi.

Ikki kun o‘tib, Ukraina Moskva va Moskva viloyatiga so‘nggi ikki yildagi eng yirik havo hujumini uyushtirgan. Oqibatda 17 kishi jarohatlangan. Moskva neftni qayta ishlash zavodi ham zarbaga uchragan.

Source: www.gazeta.uz