Sietlda bo‘lib o‘tgan bahsda Belgiya terma jamoasi Senegalni 3:2 hisobida mag‘lub etib, 1/8 finalga yo‘l oldi. O‘yinning nozik detallari ishqibozlari “qizil iblislar”ning mehmondagi liboslari orqa tomonida “Ceci n’est pas un maillot” (“Bu futbolka emas”) degan yozuvni payqashdi. Bu Rene Magrittning “Tasvirlar xiyonati” asariga ishoradir.
Belgiya terma jamoasi tarkibidagi besh yildan beri tugamayotgan inqilob katta zafarlar bashorat qilingan jamoani o‘rtamiyona kollektivga aylantirib qo‘ydi. Bosh murabbiy Rudi Garsiyaning “kimyosi” kutilgan natijani bermayapti.
Belgiyaliklarning hujum chizig‘i deyarli butun o‘yin davomida kuchsiz ko‘rindi. Kevin De Bryoyne, Jeremi Doku va Leandro Trossard uchligi raqib jarima maydonchasi atrofidagi bir nechta urinishlarni hisobga olmaganda, biror arzigulik harakat qila olishmadi. Bu tartibsizlik maydonda Trossard va Yuri Tilemans o‘rtasidagi dahanaki jang bilan kulminatsiyasiga yetdi.
Tanaffusdan so‘ng maydonga tushgan Romelu Lukaku uzoq vaqt davomida sheriklari va raqiblari orasida sezilmay harakat qildi. Uning senegalliklar darvozasiga urgan goli ham kutilmaganda tartibsiz harakatlar — rikoshetlar va hujumchining baquvvat gavdasi evaziga yuzaga keldi — 1:2.
Senegal bu o‘yinda mag‘lub bo‘lishi mumkin emasdi. Asosiy vaqtning so‘nggi o‘n daqiqasida Mori Diav jarima maydonchasida sodir bo‘lgan voqealarni haqiqiy ruhiy bosim ostidagi sinov deb atash mumkin. Afrikaliklar undan o‘ta olishmadi: 2:0 hisobida oldinda borib, o‘yinni nazorat qilgan “Teranga arslonlari” yakunda yirtqichlar toifasidan ojiz jamoaga aylanib qolishdi. Bu vaqtga kelib Trossard bilan yarashib olgan Tilemans uning uzatmasidan so‘ng to‘pni bo‘sh darvozaga joylab qo‘ydi — 2:2.
Ekstra-taymlar tomoshabinlarga navbatdagi ruhiy dramani taqdim etdi. Qo‘shimcha vaqtning so‘nggi daqiqasida gonduraslik hakam Said Martines penalti belgiladi. Tilemans nuqtaga yaqinlashishiga Pate Siss uzoq vaqt yo‘l qo‘ymadi, ammo bu fidoiylik jamoani qutqara olmadi — Tilemans aniq zarba berdi va 6-iyul kuni Belgiya 1/8 finalda AQSh bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.
Gollar: Lukaku (86), Tilemans (89, 120+5) — Diarra (25), Sarr (51).
Source: www.gazeta.uz