Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Tbilisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Gruziyaning oliy davlat mukofoti — “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Yuksak mukofotni Gruziya prezidenti Mixail Kavelashvili unga “O‘zbekiston-Gruziya ko‘p qirrali munosabatlarini chuqurlashtirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” topshirdi.

“Men prezident Mirziyoyevga Gruziyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini, shuningdek, [ayirmachi hududlarni] tan olmaslik siyosatini izchil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdim hamda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun unga Gruziya davlat mukofoti — „Oltin mo‘yna“ ordenini topshirdim”, — deb yozdi Gruziya prezidenti Facebook’dagi sahifasida.

Shavkat Mirziyoyev mukofotni qabul qilib olar ekan, Mixail Kavelashviliga, shuningdek, bosh vazir Irakliy Kobaxidze va parlament raisi Shalva Papuashviliga minnatdorlik bildirdi. U Gruziya xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.

“Oltin mo‘yna” ordeni 1998-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, Gruziyaning oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. Ushbu orden bilan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlashdagi alohida xizmatlari, shuningdek, Gruziya madaniyati, ilmi va san’atini keng targ‘ib qilishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlanadi.

Mukofotning nomi Oltin mo‘yna va hozirgi Gruziya hududidagi tarixiy viloyat — Kolxida haqidagi qadimgi yunon mifi bilan bog‘liq.

Turli yillarda “Oltin mo‘yna” ordeni bilan Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Iordaniya qiroli Abdulloh II, Germaniya sobiq kansleri Gerxard Shrëder, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon prezidenti Haydar Aliyev va boshqalar taqdirlangan.

Tashrif dasturi doirasida Shavkat Mirziyoyev Orbeliani saroyining Faxriy mehmonlar kitobida qayd qoldirdi.

Source: www.gazeta.uz