Norvegiya terma jamoasi 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatining 1/8 final uchrashuvida Braziliyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, eng katta sensatsiyalardan biriga imzo chekdi. Skandinaviyaliklar o‘z tarixida ilk bor jahon chempionati chorak finaliga yo‘l olishdi.
Uchrashuvning asosiy qahramoni Erling Xoland bo‘ldi. U 79 va 90-daqiqalarda dubl qayd etdi. Braziliyaliklar faqatgina qo‘shib berilgan vaqtda (90+10) Neymar penaltidan gol urishga muvaffaq bo‘lishdi.
Birinchi bo‘lim boshida Braziliya hisobni ochish imkoniyatiga ega bo‘ldi, biroq Bruno Gimaraesh 11 metrlik jarima zarbasini amalga oshira olmadi. Bu braziliyaliklarning jahon chempionatlarida penaltini o‘tkazib yuborishidagi so‘nggi 40 yil ichidagi ilk holatdir.
Braziliya uchun bu mag‘lubiyat tarixiy ahamiyatga ega: jamoa 1990 yilgi jahon chempionatidan beri ilk bor chorak finalga chiqa olmadi. Braziliyaliklar Norvegiyani hech qachon mag‘lub etmagan. Hozirgi kunga qadar norvegiyaliklar uchta g‘alaba va ikkita durang qayd etishgan.
Norvegiya jahon chempionatining final bosqichida faqat to‘rtinchi marta ishtirok etmoqda. Ularning chorak finaldagi raqibi Angliya bo‘ladi, u dramatik o‘yinda Meksikani 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Angliyaliklar safida Jud Bellengem dubl, Garri Keyn esa penaltidan gol urdi. Meksika safida Julian Kinones va Raul Ximenes (penaltidan) gol urishdi.
Angliya himoyachisi Jarell Kuansa 52-daqiqada to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olib, jamoasini kamlikda qoldirdi. Shunga qaramay, inglizlar g‘alabali hisobni saqlab qolishdi va chorak finalga chiqishdi.
Source: kun.uz