Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yevropa kosmik agentligining (ESA) Evklid teleskopi 2024-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, u koinot xaritasini tuzish vazifasini bajaradi. Hozirda ESA ushbu teleskop yordamida topilgan eng qadimiy ikki kvazarning tasvirlarini e’lon qildi.

Ushbu kvazarlar koinotning hozirgi yoshining atigi 5% ni tashkil etadigan davrga, ya’ni 670 million yillik bo‘lgan paytiga tegishli. Ular jami 31 ta qadimiy kvazarlardan iborat guruhning bir qismidir.

Tadqiqot yetakchisi Daming Yangning so‘zlariga ko‘ra, ilgari eng yorqin qadimiy kvazarlarning faqat bir nechtasini topish mumkin edi, ammo Evklid katta osmon maydonlarini samarali o‘rganib, ancha xira yorug‘likni ham ushlay oladi. Bu kvazarlarni ovlash uchun noyob vositadir.

Kvazarlarning uzoqligi va harakati qizil siljish (redshift) bilan o‘lchanadi. Bu yorug‘lik manbasining Yerga nisbatan masofasi va harakatini ko‘rsatadi. Koinot kengaygani sari uzoq kvazarlarning yorug‘ligi cho‘ziladi va qizil spektrga siljiydi.

ESA tadqiqotchisi Antonio La Markaning ta’kidlashicha, bu kashfiyot ma’lum bo‘lgan eng qadimiy kvazarlar sonini ikki barobardan ko‘proq oshirdi. Ilgari 7 va undan yuqori qizil siljishli birinchi 10 kvazarni topish uchun astronomlarga o‘n yildan ortiq vaqt kerak bo‘lgan bo‘lsa, Evklid bir yil ichida undan ko‘pini topdi.

Source: www.dw.com