Xitoyning Tianwen-2 kosmik zondi bir yil davom etgan 1 milliard kilometrlik parvozdan so‘ng Kamo‘oalewa asteroidiga yetib keldi. Bu Xitoyning chuqur kosmik tadqiqotlar bo‘yicha AQSh va Yevropa bilan raqobatlashish harakatidagi muhim bosqichdir.
Xitoy Milliy Kosmik Boshqarmasi (CNSA) dushanba kuni zondning asteroidga 20 kilometr masofada muvaffaqiyatli yetib kelganini ma’lum qildi. 2016 yilda Gavayida kashf etilgan asteroid Yerga yaqin bo‘lib, diametri bir necha o‘n metrni tashkil etadi.
Tianwen-2 2025 yil may oyida uchirilgan bo‘lib, bu Xitoyning asteroiddan namuna olishga birinchi urinishidir. Olimlar asteroid namunalari quyosh tizimining paydo bo‘lishi va rivojlanishi haqida ma’lumot berishiga ishonishadi.
CNSA ma’lumotlariga ko‘ra, zond asteroidning morfologiyasi, moddiy tarkibi va ichki tuzilishi haqida ma’lumot to‘plash uchun ilmiy tadqiqotlar o‘tkazadi. Namunalar yig‘ilgach, ularni Yerga qaytarish moduli ajratiladi va 2027 yil oxirida yetib kelishi kutilmoqda.
Asosiy kosmik apparat asteroiddagi ishlarni tugatgach, asteroid kamaridagi kometa tomon yo‘l oladi va missiya taxminan o‘n yil davom etishi rejalashtirilgan. Xitoy rahbari Si Szinpin bu missiyani mamlakatning “kosmik orzusi” deb atagan.
Source: www.dw.com