6-iyulga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina poytaxti Kiyevga yirik havo hujumi uyushtirdi. Bu bir hafta ichidagi ikkinchi yirik hujum bo‘lib, shaharda katta vayronagarchilik va qurbonlar keltirdi.
Ukraina rasmiylarining ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi, 50 dan ortiq kishi jarohatlandi. Kiyev meri Vitaliy Klichko 7-iyulni motam kuni deb e’lon qildi.
Ukraina Havo kuchlari hisobotiga ko‘ra, Rossiya tun davomida 68 ta raketa, jumladan 23 ta ballistik raketa va 351 ta turli tipdagi dronlarni uchirgan. Ulardan 37 ta raketa va 326 ta dron urib tushirilgan yoki zararsizlantirilgan.
Zarbaning asosiy yo‘nalishi Kiyev bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 34 ta lokatsiyada 29 ta ballistik raketa va 18 ta dron kelib tushgan, 16 ta lokatsiyada esa qoldiqlar qulagani qayd etilgan.
Ukraina Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Kiyevda 30 ga yaqin turar joy binosi shikastlangan yoki vayron bo‘lgan. Podolsk tumanida turar joy binosining bir qismi qulab tushgan, Darnitsa tumanida esa raketa qoldiqlari 25 qavatli uyga kelib urilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaga “yuqori aniqlikdagi qurollar bilan ommaviy zarba” berilganini tasdiqladi va buni “Kiyev rejimining Rossiya hududidagi terrorchilik hujumlariga javob” deb atadi. Vazirlikning ta’kidlashicha, hujumdan ko‘zlangan maqsad Kiyev va Kiyev viloyatidagi harbiy sanoat korxonalari hamda yonilg‘i-energetika majmuasi obyektlari, shuningdek, Ukrainaning boshqa hududlaridagi harbiy aerodromlar infratuzilmasi bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz