Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga otasi — Qatarning sobiq amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy vafot etgani munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, davlat rahbari Qatar amiriga, uning oila a’zolari va barcha yaqinlariga, shuningdek, butun Qatar xalqiga ta’ziya bildirgan.

“O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga munosib ulush qo‘shgan Shayx Hamad Ol Soniy a’lo hazratlarining yorqin xotirasi va o‘chmas nomi qalblarimizda abadiy saqlanib qoladi”, — deyiladi maktubda.

Hamad bin Xalifa Ol Soniy 12-iyul kuni 74 yoshida vafot etdi. U Qatarni 1995-yildan 2013-yilgacha boshqargan. 2013-yilning iyun oyida u taxtni o‘g‘li — amaldagi amir Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga topshirgandi.

Hamad bin Xalifa Ol Soniy zamonaviy Qatarning me’mori hisoblanadi. Uning boshqaruvi davrida mamlakatning ilk doimiy konstitutsiyasi qabul qilindi, ayollar esa munitsipal saylovlarda ovoz berish va o‘z nomzodlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldi.

Source: www.gazeta.uz